Live
1
O'zbek

UEFA yevrokuboklarda sariq kartochkalar bo‘yicha yangi qoidalarni joriy etdi

Futbol
4 avgust, 07:57
Chempionlar ligasi, Yevropa ligasi va Konferensiyalar ligasida diskvalifikatsiya tizimi o‘zgardi.
UEFA yevrokuboklarda sariq kartochkalar bo‘yicha yangi qoidalarni joriy etdi
Foto: Getty Images

UEFA yevrokuboklarning umumiy bosqichida sariq kartochkalar jamlanishi bo‘yicha yangi tartibni rasman tasdiqladi.

Yangi qoidalarga ko‘ra, Chempionlar ligasi, Yevropa ligasi va Konferensiyalar ligasining liga bosqichida futbolchilar hamda jamoa rasmiylari to‘rtinchi sariq kartochkadan so‘ng bir o‘yinga diskvalifikatsiya qilinadi. Shundan keyin esa har bir juft kartochka — oltinchi, sakkizinchi va undan keyingi ogohlantirishlardan so‘ng yana diskvalifikatsiya qo‘llaniladi.

Saralash bosqichlarida esa amaldagi tartib o‘zgarishsiz qoladi. Futbolchilar uchinchi sariq kartochkadan keyin, keyinchalik esa har bir toq kartochka — beshinchi, yettinchi va hokazolardan so‘ng o‘yinni o‘tkazib yuboradi.

UEFA ushbu o‘zgarishlarni 2024/25 yilgi mavsumdan kuchga kirgan yangi musobaqa formati bilan izohladi. Chempionlar ligasi va Yevropa ligasining liga bosqichida uchrashuvlar soni 6 tadan 8 taga oshirilgani sababli futbolchilar sariq kartochkalar tufayli tez-tez diskvalifikatsiyaga uchray boshlagan.

Shuningdek, yangi tizim Konferensiyalar ligasida ham amal qiladi. Garchi ushbu turnirning liga bosqichi 6 ta o‘yindan iborat bo‘lsa-da, UEFA qishki transfer oynasida futbolchilarning turli yevrokuboklarda ishtirok etuvchi klublar o‘rtasida ko‘chib o‘tishi mumkinligini inobatga olib, barcha musobaqalar uchun yagona tartibni joriy etdi.

Bugungi yangiliklar