Turkiyada o‘z klublari ishtirokidagi bahslarga pul tikishda gumon qilinayotgan 17 nafar professional futbol klubi amaldori qo‘lga olindi.
Daily Sabah xabariga ko‘ra, tergov organlari 2020–2026 yillar oralig‘idagi rasmiy bukmekerlik platformalari ma'lumotlari hamda moliyaviy razvedka hisobotlarini o‘rgangan. Natijada professional klublarda rahbarlik lavozimida ishlagan 19 nafar shaxs sport tikishlari bilan shug‘ullangani aniqlangan.
Prokuratura talqiniga ko‘ra, gumonlanuvchilar o‘z jamoalarining bahslarida raqib g‘alabasi, umumiy gollar soni va futbolchilarga oid individual ko‘rsatkichlarga pul tikishgan. Barcha stavkalar Turkiyada faoliyat yurituvchi qonuniy bukmekerlik platformalari orqali amalga oshirilgan.
Gumonlanuvchilar orasida «Beshiktosh», «Galatasaroy», «Adana Demirspor», «Boluspor», «Altay», «Genchlerbirligi» va boshqa klublar vakillari ham bor.
Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, eng ko‘p stavkalar «Beshiktosh»ning ikki nafar amaldori hisobiga to‘g‘ri kelgan. Tolga Kirgiz 1488 ta, Kerem Gyurel esa 996 ta pul tikish amalga oshirgani aytilmoqda.