Navoiyning "Qizilqum" jamoasi yetakchilaridan biri Shohruz Norxonov birinchi davra o'rtalarida oyog'idan jarohat olib safdan chiqishga majbur bo'ldi.
Hozirda futbolchi davolanish jarayonida. Albatta, uning yo'qligi jamoasiga oxirgi o'yinlarda bilinib qoldi. Tribuna.uz esa Shohruz bilan bog'landi.
- Shohruz ayni paytda holatingiz qanday? Jarohatdan keyin tiklanish qanday kechmoqda?
- Xudoga shukur, hammasi yaxshi va reja asosida davom etmoqda. Hozirga kelib o'zimni ancha yaxshi his qilyapman. Muolajalar bo'lyapti.
- Qachon maydonga qaytishingiz mumkin va to'liq sport formangizga qaytish uchun qancha vaqt kerak, deb o'ylaysiz?
- Rostini aytsam, ikkinchi davrada to'liq sport formamga qaytaman.
- "Qizilqum"da bosh murabbiy o'zgardi. Bunga qanday munosabatsiz?
- Ha, jamoamizda bosh murabbiy o'zgardi. Lekin biz bu ishga aralasha olmaymiz. Chunki bu rahbariyatning qarori. Bizning ishimiz maydonga chiqib futbol o'ynash. Murabbiylik ishiga aralashmaymiz.
- Jamshid Saidov bosh murabbiy etib tayinlangach, u bilan suhbatlashdingizmi?
- Ha, Jamshid aka qo'ng'iroq qildi va biz gaplashib oldik. Hozirgi holatim bilan qiziqdi, hol-ahvol so'radi. O'zi oldin ham "Qizilqum"da ishlagan. Biz yordam berishga tayyormiz va umid qilamanki, bu o'zgarish jamoamiz uchun faqat ijobiy tomonga xizmat qiladi.
- Ortda qolgan 11 tur bo'yicha nimalarni ayta olasiz?
- Albatta, biz doim eng yaxshisini xohlaymiz va shuning uchun harakat qilamiz. To'g'ri, futbolda g'alaba va mag'lubiyat yonma-yon yuradi. Biz o'z imkoniyatimizni to'liq ko'rsata olmadik. Lekin bundan yaxshiroqiga loyiqmiz. Chunki jamoamiz yaxshi shakllangan. Oldinda birinchi davrani yana 4 turi bor. Biz maksimal ravishda natijalarni yaxshilashga harakat qilamiz.
- 11 ta o'yinda 1 ta gol urdingiz. Hujumchi sifatida albatta bu kam. Ushbu holat nima bilan bog'liq?
- Albatta, bu kam. E'tibor bergan bo'lsangiz, dastlabki 4-5 turda to'liq ishtirok eta olmadim. Jarohatlar o'z ta'sirini ko'rsatdi. Lekin men har qanday holatda ham jamoamga yordam berishga harakat qilaman. Tezroq sog'ayib safga qaytgach, yana "Qizilqum"ning g'alabalariga o'z hissamni qo'shishga harakat qilaman. Men uchun avvalo gol urishdan ko'ra, jamoamning g'alabasi ustun.
- Jahon chempionatida milliy jamoamizning Kolumbiyaga qarshi o'yinini qanday baholaysiz?
- Bu bizning birinchi jahon chempionatimiz. Shuni hisobga olganda, futbolchilarimiz Kolumbiyaga qarshi juda yaxshi o'yin namoyish qilishdi. Biz jamoamiz bilan faxrlanamiz. Debyut o'yin uchun ajoyib harakat qilishdi. Raqib kuchli edi, yigitlarimiz esa qo'rqmasdan matonat bilan to'p tepishdi.
- Oldinda Portugaliyaga qarshi yana bir muhim uchrashuv kutyapti. O'yin oldidan nima deysiz?
- Meningcha, Kolumbiyaga qarshi o'yinga nistaban Portugaliya bilan bahsimiz u qadar murakkab kechmaydi. To'g'ri, raqib kuchli, buni tan olamiz. Lekin yigitlarimiz birinchi o'yindan keyin o'ziga bo'lgan ishonchi yanada ortdi. Ular Portugaliyaga qarshi yanada shiddatli o'ynay oladilar. Xudo xohlasa, ijobiy natijaga erishish imkoniyatimiz bor.