Murabbiylik faoliyati juda qiyin bo‘lgan kasblardan biri. Chunki ertaga bu yerda, keyin esa boshqa joyda bo‘ladi. Ya’ni, murabbiyning ishi natija bilan o‘lchanadi. Natija bo‘lsa ishlar besh, aksi bo‘lsa, barchasiga javobgar shubhasiz murabbiy bo‘ladi.
Shu bois tez-tez klublarda bosh murabbiylarning iste’folari yoki tayinlanuvlari ro‘y beradi va bu tabiiy, normal holat. Bir necha kun ilgari «Xorazm» klubida bosh murabbiy o‘zgardi. Sergey Tokov o‘rnini Vali Sultonov egalladi.
Sergey Tokov mavsum boshida «Xorazm» bosh murabbiyi sifatida ishga kirishgandi. 21-turdan keyin esa u qoniqarsiz natijalar fonida iste’foga chiqarildi. Jamoa Sergey Sultonovich boshchiligida 21 ta o‘yinda 5 g‘alaba, 6 durang va 10 mag‘lubiyat qayd etib, musobaqa jadvalida 21 ochko bilan 13-o‘rinda bormoqda.
Tokov klub bilan xayrlashganidan keyin Tribuna.uz nashriga intervyu berdi.
- Sergey Sultonovich, «Xorazm» klubidan iste’foga chiqishingizni qanday qabul qildingiz?
- Salom. Birinchi savolingizga shunday javob bersam: iste’foni mutlaqo normal qabul qildim. Chunki murabbiylar, futbolchilar, ayniqsa, murabbiylarning taqdiri shunday ekanini tushunaman: bugun ishlaysiz, ertaga esa natijadan qat’i nazar, istalgan vaqtda ishdan bo‘shatishlari mumkin. Buning turli sabablari bo‘ladi.
Shuning uchun murabbiyning taqdiri shunday ekanini anglayman: bugun siz bu yerda keraksiz, ertaga esa kerak bo‘lmasligingiz mumkin. Bugun bir jamoaga taklif qilishadi, ertaga esa boshqa jamoaga chaqirishadi. Kimdir qayerdadir bir oy ishlaydi, kimdir ikki oy, kimdir olti oy, yana kimdir bir yil. Ayniqsa, O‘zbekistonda bu holat ko‘p uchraydi.
Bizda murabbiylar juda tez-tez almashadi. Murabbiylar bir necha yil davomida ishlaydigan jamoalar esa juda kam. Bu bizda juda kam uchraydigan holat.
- «Xorazm» so‘nggi bor 16-turda «Mash’al» ustidan g‘alaba qozongan edi. Agar adashmasam, shundan keyin jamoa ikki marta durang o‘ynab, uchta mag‘lubiyatga uchradi. Aynan shu natijalar iste’foga chiqishingizning asosiy sababi bo‘ldimi?
- Ha, so‘nggi bor jamoa «Mash’al»ni mag‘lub etgan edi. Shundan keyin Samarqandning «Dinamo»si bilan durang o‘ynadik. «Lokomotiv», «Andijon» va safarda OKMKga mag‘lub bo‘ldik. «So‘g‘diyona» bilan ham durang qayd etdik. Lekin shuni ham inobatga olish kerakki, bu o‘yinlarda raqiblarimiz juda yaxshi jamoalar edi. Ayniqsa, biz mag‘lub bo‘lgan jamoalarning futbolchilar tanlovi bizning tarkibimizdan ancha yuqori darajada. Ammo o‘yin jihatidan, agar uchrashuvlarni kuzatgan bo‘lsangiz, biz bu jamoalardan, umuman olganda, kam joyimiz yo‘q edi.
«Andijon»ga qarshi uchrashuvning birinchi bo‘limida juda yaxshi ikkita golli vaziyatimiz bo‘ldi. Ammo, ehtimol, shu jamoalarga qarshi g‘alabalarga erishish uchun qayerdadir mahorat yetishmadi.
OKMK bilan o‘yinda ham, umuman olganda, o‘yin jihatidan raqibdan kam joyimiz bo‘lmadi. Albatta, xatolar va vaziyatlar bo‘ldi. «So‘g‘diyona»ni ham o‘z maydonimizda mag‘lub etishimiz kerak edi. Yaxshi imkoniyatlarimiz bo‘ldi. Deyarli ikki bo‘lim davomida o‘yinda ustunlik qildik.
Ammo bu — futbol. Har doim ham yaxshi va yaxshiroq o‘ynagan jamoa g‘alaba qozonavermaydi. Shuning uchun men bularning barchasini tushunaman.
Albatta, mening bilishimcha, rahbariyatda ham asosiy norozilik, ehtimol, o‘yinlarda mag‘lub bo‘layotganimiz bilan bog‘liq bo‘lgan. Rahbariyat ko‘proq g‘alabalarni qo‘lga kiritishni va turnir jadvalida yuqoriroq o‘rinda bo‘lishni istagan. Bu ularning tanlovi. Men bu qarorni qabul qilaman. Shuning uchun bu borada hech qanday qiyinchilik yoki muammoga duch kelmadim.
- Voqealar rivoji aynan shunday tus olishini kutmaganmidingiz?
- Ushbu savolga keladigan bo‘lsak, ha, bu qaror men uchun kutilmagan bo‘lmadi. Chunki mag‘lubiyatlardan keyin rahbariyatning noroziligi sezilib turardi. Albatta, o‘zimni oqlashni istamayman. Men realistman. Futbol ko‘p qirrali o‘yin va har doim ham hamma narsa sen rejalashtirganingdek bo‘lavermaydi.
Biz harakat qildik, o‘ynadik, ayrim uchrashuvlarda yaxshi futbol ko‘rsatdik, ammo g‘alaba qozona olmadik. Rahbariyat esa yuqoriroq natija kutayotgan edi. Shuning uchun rahbariyat tomonidan norozilik borligi allaqachon sezilayotgandi. Shu bois so‘nggi uy uchrashuvida g‘alaba qozona olmaganimizdan keyin rahbariyat shunday qaror qabul qilishi mumkinligini tushunib turgandim. Men ham bunga tayyor edim. Albatta, o‘z tomonimdan ham ko‘proq natija bo‘lishini, rahbariyatning ishonchi yanada yuqori bo‘lishini istardim. Endi esa yangi murabbiy bilan ular ko‘proq g‘alabalarga erishishsin, deb tilayman. Umuman, bu borada menda hech qanday muammo yo‘q.
- Klubdagi faoliyatingiz davrida qayerda xato qildim, deb hisoblaysiz?
- Xato haqida nima deyishni bilmayman. Balki buni xato deb emas, jamoani shakllantirishdagi qiyinchilik, deb atash to‘g‘riroqdir. Chunki tarkibni kuchaytirish, o‘yinni yangilash uchun bizda futbolchilar yetarli emasdi.
Bundan tashqari, maysa qoplamalarining doimiy almashib turishi ham qiyinchilik tug‘dirdi. Uyda doim sun’iy maydonda o‘ynaymiz, keyin tabiiy maydonda o‘ynash uchun safarga chiqamiz, so‘ng yana sun’iy maydonga qaytamiz. Ba’zida o‘yindan keyin futbolchilar juda charchab qolardi. Asosiy tarkibdagi muhim futbolchilar uchrashuvga ikki-uch kun qolganda mashg‘ulotlarda to‘liq ishtirok eta olmasdi. Ularning o‘rnini teng darajadagi futbolchilar bilan to‘ldirish imkoniyati ham yo‘q edi. Shuning uchun jamoa va futbolchilarni tayyorlash jarayonida ma’lum qiyinchiliklar bo‘ldi.
Ehtimol, bu yerda mening xatoim ham bordir. Ya’ni, rahbariyat oldida tarkibni yanada sifatli futbolchilar bilan kuchaytirish masalasida qat’iyroq turishim kerak edi. Balki bu ham oson bo‘lmagandir. Chunki hozir ko‘plab jamoalar moliyaviy jihatdan ancha barqaror bo‘lib qoldi. Ayniqsa, shu yilda yaxshi moliyaviy imkoniyatlarga ega klublar ko‘paydi va ular yaxshi futbolchilarga yuqori maosh taklif qilmoqda. Biz ular bilan raqobatlashishda ancha qiynaldik.
Biz o‘zimizga taklif qilgan bir qator futbolchilar bizning jamoaga kelishdan bosh tortib, moliyaviy imkoniyatlari yuqoriroq klublarni tanlashdi. Masalan, «Navbahor», «Andijon», OKMK kabi jamoalar bilan bu borada raqobatlashish biz uchun biroz qiyin bo‘ldi.
Ehtimol, mening xatoim shunda bo‘lgandir: bu mening maydonlar va tarkib bilan bog‘liq shunday muammolar mavjud bo‘lgan klubdagi birinchi ish tajribam edi. Qolaversa, ikkinchi davrada jamoa o‘yinini kuchaytirishga yosh futbolchilar yordam beradi, deb umid qilgandim. Lekin yoshlar bilan ham ma’lum qiyinchiliklar bo‘ldi. Bir qator yosh futbolchilar doimiy ravishda jarohat olishdi. Balki bu jarohatlarning ayrimlari sun’iy maydon bilan ham bog‘liq bo‘lgandir. Shu sababli ular optimal formaga chiqa olishmadi. Ularni asosiy tarkibga bosqichma-bosqich tayyorlash juda qiyin bo‘ldi. Natijada ulardan to‘liq foydalanib, jamoa o‘yinini kuchaytirish imkoniyati bo‘lmadi.
- Yaqin kelajak uchun qanday rejalaringiz bor?
- Yaqin kelajak uchun rejalaringiz qanday? Hozirda o‘z akademiyamda ishlarim juda ko‘p, yetarlicha mashg‘ulman. U yerda iqtidorli futbolchilarni tarbiyalayapmiz. Ishlar qizg‘in, yaxshilashimiz kerak bo‘lgan jihatlar ham, ishlashimiz lozim bo‘lgan yo‘nalishlar ham ko‘p. Shuning uchun futbol bo‘yicha o‘z bilimlarim va tajribamni futbolchilarni rivojlantirishga sarflashda davom etaman.
- Sizningcha, bu yil chempionlik unvoni va O‘zbekiston Kubogini qaysi jamoalar qo‘lga kiritadi?
- O‘zbekistondagi chempionlik masalasiga keladigan bo‘lsak, menimcha, hammaga ma’lum — asosiy kurash hozircha ikki jamoa - «Paxtakor» va «Neftchi» o‘rtasida kechmoqda. Qaysidir ma’noda «Navbahor» ham ularga yaqin turibdi va chempionlik uchun kurashga qo‘shilishga harakat qilyapti.
Rostini aytsam, bu savolga javob berish biroz qiyin. Ehtimol, «Neftchi»ga ko‘proq ustunlik bergan bo‘lardim. Lekin ulardan qaysi biri ikki frontda ko‘proq barqaror va raqobatbardosh bo‘la oladi? Ular uchun O‘zbekiston Kubogi ham bor, ya’ni uch frontda o‘ynashlariga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, «Neftchi» aynan Chempionlar ligasidagi ishtirok uchun legionerlar bilan tarkibini kuchaytirdi.
«Paxtakor» esa Chempionlar ligasi va chempionatda ishtirok etmoqda. Shuning uchun qaysi jamoa bu yuqori yuklamalarga yaxshiroq dosh bersa, menimcha, chempionlikka ham o‘sha jamoa ega bo‘ladi.
Umuman, har ikki jamoa uchun ham juda qiyin bo‘ladi, chunki bir vaqtning o‘zida Chempionlar ligasi va chempionatda o‘ynash oson emas. Shuning uchun «Navbahor»ning ham chempionlik poygasiga qo‘shilish uchun yaxshi imkoniyatlari bor, deb o‘ylayman.
Ko‘p narsa o‘zaro uchrashuvlarga bog‘liq bo‘ladi. Masalan, «Navbahor» «Paxtakor» va «Neftchi»ga qarshi o‘yinlarda qanday natija qayd etadi — bu juda muhim. Agar ular bu uchrashuvlarda g‘alaba qozona olsa, chempionlik uchun juda yaxshi imkoniyatga ega bo‘ladi. Hozirgi tarkib va o‘yin jihatidan, menimcha, «Paxtakor» va «Neftchi» deyarli teng jamoalar. Ko‘ramiz, hali oldinda o‘yinlar ko‘p.
Shunday bo‘lsa-da, menga «Neftchi»ning o‘yinida barqarorlik biroz ko‘proqdek tuyalyapti. Kamida so‘nggi o‘yinlarga qaraydigan bo‘lsak, ular ko‘p uchrashuvlarda mag‘lubiyatga uchramadi. Menimcha, Chempionlar ligasida yordam beradigan legionerlar bilan tarkibning kuchaytirilgani hisobiga chempionatda ham ularga biroz yengilroq bo‘ladi.