«Barselona» hujumchisi Rafinya bilan yangi shartnoma bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bitim futbolchi va klub o‘rtasidagi amaldagi hamkorlikni yana to‘rt yilga uzaytirishni nazarda tutadi.
Bu haqda italiyalik insayder Fabritsio Romano ma'lum qildi. Uning yozishicha, tomonlar kelishuvning asosiy shartlarini tasdiqlagan va hujjat tez orada rasman imzolanadi.
«Prinsipial kelishuvga erishdik, u tez orada imzolanadi», — dedi «Barselona» sport direktori Deku.
Yangi shartnomaga ko‘ra, Rafinyaning kataloniyaliklar bilan kelishuvi 2030-yil iyunigacha amal qiladi. Shu tariqa braziliyalik hujumchi yaqin yillarda ham «Barselona» safida to‘p tepishda davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, Rafinya 2022-yildan buyon «Barselona» safida o‘ynamoqda. Braziliyalik futbolchi klubning asosiy hujumkor futbolchilaridan biri hisoblanadi.