Oʻzbekiston Proligasining navbatdagi qismiga tayyorgarlikni davom ettirayotgan "FarDU" futbol klubiga yangi bosh murabbiy tayinlandi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
"Bir necha mavsumdan buyon klubda samarali mehnat qilib kelayotgan tajribali mutaxassis Sergey Lebedev jamoani chempionatning navbatdagi qismiga tayyorlaydi.
Sergey Lebedev futbolchilik faoliyati davomida 1994 yildagi Osiyo oʻyinlari gʻolibligini, Fargʻonaning "Neftchi" klubi safida 5 karra Oʻzbekiston chempionligini qoʻlga kiritgan.
Shuningdek, u Oʻzbekiston milliy jamoasi safida 33 ta oʻyin oʻtkazib, jami 10 ta gol urishga muvaffaq boʻlgan. Bundan tashqari, Sergey Lebedev Oʻzbekiston nomidan jahon termasi tarkibida maydonga tushgan yagona futbolchi hisoblanadi.
"FarDU" futbol klubi jamoaning barcha muxlislari nomidan Sergey Elefertovich Lebedevga ulkan muvaffaqiyat va yuksak zafarlar tilaydi", — deyiladi xabarda.