Live
2
O'zbek

Senegal futbol federatsiyasi AQSHdagi tekshiruvlar yuzasidan bayonot berdi

Futbol
10 iyun, 04:45
Federatsiya futbolchilar giyohvand moddalar bo‘yicha tekshiruvdan o‘tkazilgani haqidagi xabarlarni rad etdi.
Икром Рузимуродов
Ikrom Roʻzimurodov Editor
Senegal futbol federatsiyasi AQSHdagi tekshiruvlar yuzasidan bayonot berdi
Foto: Getty Images

Senegal futbol federatsiyasi (FSF) AQSH aeroportida milliy jamoa futbolchilari va murabbiylari tekshirilgani aks etgan video yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videodan so‘ng ayrim OAVlar Senegal milliy jamoasi a’zolari giyohvand moddalar mavjudligi bo‘yicha tekshiruvdan o‘tkazilgani haqida xabar tarqatgandi.

FSF esa bu ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.

Federatsiya bayonotiga ko‘ra, videodagi jarayon jamoaning San-Antonioga yetib kelganidan keyin emas, balki Roli aeroportidan AQSH ichkarisiga uchish oldidan amalga oshirilgan.

Qayd etilishicha, Senegal milliy jamoasini olib kelgan avtobus mehmonxonadan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aeroport uchish-qo‘nish yo‘lagiga yo‘l olgan. Futbolchilar va delegatsiya a’zolari samolyotga chiqishdan avval xavfsizlik hamda politsiya nazoratidan o‘tgan.

Federatsiya ushbu amaliyotning asosiy maqsadi logistika jarayonlarini soddalashtirish va jamoaning xususiy reysga tezroq chiqishini ta’minlash bo‘lganini ta’kidladi.

Shuningdek, barcha tekshiruvlar amaldagi aviatsiya xavfsizligi qoidalariga to‘liq rioya qilingan holda o‘tkazilgani va hech qanday noxush holat qayd etilmagani ma’lum qilindi.

Ma’lumot uchun, Senegal milliy jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionatining I guruhida Fransiya, Norvegiya va Iroq milliy jamoalariga qarshi bahs olib boradi.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Senegal Senegal
Bugungi yangiliklar