Saudiya Arabistoni chempionatida 2027/28-yilgi mavsumdan boshlab xorijlik futbolchilar sonini ko'paytirish masalasi ko'rib chiqilmoqda. Bu haqda Asharq Al Awsat nashri xabar berdi.
Muhokama qilinayotgan takliflarga ko'ra, legionerlar limitini 14, 16 yoki 18 nafargacha oshirish, shuningdek, uni butunlay bekor qilish variantlari ham ko'rib chiqilmoqda. Har qanday o'zgarish qat'iy moliyaviy va tartibga soluvchi talablar asosida amalga oshirilishi kutilmoqda.
Ushbu tashabbusning asosiy maqsadlaridan biri — saudiyalik futbolchilarni xorij klublariga yo'l olishga rag'batlantirish, shuningdek, yetakchi jamoalardan budjeti nisbatan kamroq bo'lgan klublarga o'tishini qo'llab-quvvatlashdir. Bu orqali mahalliy futbolchilarning muntazam o'yin amaliyotiga ega bo'lishi ko'zda tutilgan.
Eslatib o'tamiz, ayni paytda Saudiya Arabistoni klublari o'z qaydnomalariga 10 nafargacha xorijlik futbolchini kiritishlari mumkin. Ularning 8 nafari bir vaqtning o'zida maydonda harakatlanishiga ruxsat etilgan.