Bugun
30
O'zbek

Saa Kerrikning iste’fosi haqida: «Nega odamlarga insoniy munosabatda bo‘lish mumkin emas?»

Futbol
12 noyabr, 11:00
«MYU»ning sobiq hujumchisi klub rahbariyatini murabbiyga yetarlicha yordam bermaganlikda aybladi.
Saa Kerrikning iste’fosi haqida: «Nega odamlarga insoniy munosabatda bo‘lish mumkin emas?»
Foto: Getty Images

«Manchester Yunayted»ning sobiq hujumchisi Lui Saa Maykl Kerrikning bosh murabbiylik lavozimidan ozod etilishiga munosabat bildirdi. Mutaxassis bilan xayrlashish 12 noyabr kuni rasman e’lon qilingan edi.

«Bu juda og‘riqli. Bunday vaziyatga tushib qolganimiz meni ajablantirmaydi. Ayniqsa, gap klub afsonasi haqida ketayotganini hisobga olsak, bu juda og‘ir. Natijalar yo‘q, turnir jadvalida esa o‘zimiz munosib bo‘lgan o‘rinda emasmiz. Albatta, o‘zgarishlar zarur edi, biroq bunday qarorni yozdayoq qabul qilish kerak edi. Rahbariyatda Maykl Kerrik bilan shartnomani uzaytirish va sifatli transferlarni amalga oshirish imkoniyati bor edi. Ammo transfer bozorida juda yomon ishlashdi.

Muxlis va sobiq futbolchi sifatida bundan juda xafaman. Har safar keyingi qadam to‘g‘ri bo‘lishiga umid qilasan. Nima bo‘lganini aniq bilmayman, ammo direktorlar kengashi qaror qabul qilishi kerak edi. Garchi bungacha ham bir nechta jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa-da. O‘tgan mavsum jamoa yaxshi o‘ynadi, ammo hozir vaziyat boshqacha. Oldinda Chempionlar ligasi bor edi va dastlabki bahslardanoq natija ko‘rsatish kerak edi. Biroq bunday bo‘lmadi.

O‘shandayoq ishlar oson kechmasligi ayon edi. Transfer bozorida avvalgi xatolar takrorlanmasligiga juda umid qilgandim. Kuchli, jismonan baquvvat hujumchi yoki har hafta jarohat olmaydigan himoyachi sotib olishlari kerak edi. Aks holda, bu halokat sari to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘l. Maykl ushbu lavozim uchun munosib inson bo‘lganmi yoki yo‘qmi, buni hech qachon bilmaymiz. Hammasi uning ixtiyoriga kerakli futbolchilar berilgan-berilmaganiga bog‘liq edi.

Nega odamlarga insoniy munosabatda bo‘lish mumkin emas? Gap shunchaki murabbiy haqida emas, u ham tirik inson. Agar u kerakli qo‘llab-quvvatlovni his qilmasa, bu darhol hammaga seziladi. Bu Maykl xatolarga yo‘l qo‘ymagan degani emas. U ham inson, hamma xato qilishi mumkin. Ammo unga zarur yordam ko‘rsatilgan deb o‘ylamayman», — deya Saaning so‘zlarini Sky Sports keltirmoqda.

Ma’lumot uchun, Saa 2004–2008 yillarda «Manchester Yunayted» safida to‘p tepgan.

Eslatib o‘tamiz, «MYU» Kerrik bilan xayrlashganini 12 noyabr kuni rasman e’lon qildi.

Bugungi yangiliklar