Live
10
O'zbek

Roten Zidan va Enrikeni Dembele haqidagi fikrlari uchun tanqid qildi

Futbol
10 oktabr, 06:00
Fransiyalik sobiq futbolchi Usmon Dembele haqida murabbiylardan ochiqroq baho berishni talab qildi.
Roten Zidan va Enrikeni Dembele haqidagi fikrlari uchun tanqid qildi
Foto: Getty Images

Fransiyalik sobiq yarimhimoyachi, hozirda futbol tahlilchisi sifatida faoliyat yuritayotgan Jerom Roten Zinedin Zidan va Luis Enrikening Usmon Dembele haqidagi fikrlarini tanqid qildi. U murabbiylar futbolchini himoya qilishga haddan tashqari berilmasligi, uning o‘yinidagi kamchiliklarni ham ochiq tan olishi kerakligini ta’kidladi.

Dembele Fransiya milliy jamoasining so‘nggi bahslarida kutilgan darajada o‘yin ko‘rsata olmadi. U Belgiya bilan bahsda markaziy hujumchi va o‘ng qanotda harakat qilganida ham o‘z imkoniyatlarini to‘liq namoyish eta olmadi. Shu bilan birga, futbolchi mavsum boshida «PSJ» safida ham eng yaxshi sport formasiga chiqa olmagan edi.

2025 yilgi «Oltin to‘p» sohibi ushbu mavsumda Parij klubi safida barcha musobaqalarda yettita bahsda qatnashib, ikkita gol va to‘rtta golli uzatmani amalga oshirgan.

Italiya bilan 1:1 hisobidagi durangdan keyin Zinedin Zidan futbolchini himoya qilib, uning boshlang‘ich tarkibda maydonga tushgan ikki o‘yinidagi harakatlaridan mamnun ekanini aytgan.

«U boshlang‘ich tarkibda maydonga tushgan ikki bahsda yaxshi o‘ynadi, deb hisoblayman. Uning maydondagi harakatlaridan mamnunman. Usmon odatdagidek o‘ynaydi, ko‘p harakatlanadi va tez-tez o‘z pozitsiyasini tark etadi. Biz uchun muhimi ham shu. Ko‘pincha gollarga e’tibor qaratamiz, ammo men vaziyatga boshqacha qarayman. Uni ko‘p narsada ayblay olmayman», — degan Zidan.

Luis Enrike ham Dembele o‘yinini yuqori baholadi. «PSJ» bosh murabbiyi matbuot anjumanida futbolchining milliy jamoa safidagi o‘yinlarini «ta’sirli» deb atadi.

«Menimcha, u odatdagidek ajoyib o‘ynadi. U o‘zgacha futbolchi. Uning maydondagi harakatlarini ko‘rib, xotirjam bo‘lishingiz mumkin. U doimo o‘z qobiliyatlarini namoyish etishga, zarba berishga va jamoadoshlari bilan kombinatsiyalar tashkil etishga tayyor. U juda yaxshi o‘ynadi», — dedi Enrike.

Biroq Roten bu fikrlarga qo‘shilmadi. RMC radiosi efirida gapirgan sobiq futbolchi murabbiylarning maqtovlari maydondagi haqiqiy holatga mos kelmayotganini ta’kidladi.

«Biz Zidan haqida gapiryapmiz. U hammasi yaxshi bo‘lganini, hatto qanot himoyachilari ham yaxshi o‘ynaganini aytmoqda. Yo‘q, hamma narsa ham yaxshi bo‘lgani yo‘q. Yaxshi chiqqan jihatlar ham, muvaffaqiyatsiz tomonlar ham bor. Bizni ahmoq deb o‘ylamang, bizga shunchaki ochiq gapirish kerak», — dedi Roten.

Uning fikricha, Dembele kabi futbolchiga murabbiylar uni maqtayotganini eshitishdan ko‘ra, o‘z o‘yinini xolis baholash muhimroq.

«Sizningcha, Usmon Dembele milliy jamoa murabbiyi undan mamnun ekanini va Luis Enrike uni ajoyib deb hisoblashini eshitishga muhtojmi? Futbolchi hatto qizish mashqlari vaqtidayoq o‘zini ruhan o‘yinga tayyor his qilayotganini, bahsga qanchalik jalb etilganini va yaxshi o‘ynay olishini sezadi», — deya qo‘shimcha qildi u.

Roten futbolchining hozirgi holatini ham alohida qayd etdi.

«Shuni tan olish kerakki, uning «PSJ»dagi mavsumni boshlashi yaxshi bo‘lmadi va bu uning iste’dodi darajasiga mos kelmadi. Fransiya milliy jamoasi safida o‘tkazgan to‘rtta bahsi ham u namoyish eta oladigan darajadan ancha past bo‘ldi. Axir u «Oltin to‘p» sohibi», — dedi tahlilchi.

Shu bilan birga, Roten Dembele haqidagi yakuniy hukmni chiqarishga shoshilmasligini aytdi. U futbolchining salohiyatiga ishonishini, ammo hozirgi davr uning uchun murakkab kechayotganini ta’kidladi. Tahlilchi murabbiylar futbolchining yaxshi jihatlarini e’tirof etish bilan birga, kamchiliklarini ham ochiq aytib, ularni keyingi yig‘inlarda tuzatish ustida ishlashlarini bildirishi mumkinligini qayd etdi.

Ma’lumot uchun, Dembele 2025 yilda «Oltin to‘p» mukofotini qo‘lga kiritgan.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Fransiya Fransiya
  • Paris Saint-Germain Paris Saint-Germain
Bugungi yangiliklar