Mashhur insayder Fabritsio Romano xabariga ko‘ra, «Selta Vigo» va «Manchester Yunayted» Altay Bayindir transferi bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Bitimga ko‘ra, 28 yoshli darvozabon «Selta»ga ijara asosida yo‘l oladi. Shartnomada 4 million yevroga sotib olish huquqi ham mavjud bo‘lib, yakuniy summa futbolchining o‘yinlar soniga qarab o‘zgarishi mumkin.
Manbaga ko‘ra, «Manchester Yunayted» Bayindirga tibbiy ko‘rikdan o‘tish va yangi klubi bilan shartnoma imzolash uchun ruxsat bergan.
Ma’lumot uchun, Altay Bayindir 2023 yildan buyon «Manchester Yunayted» safida harakat qilib kelayotgandi. Endi u muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish maqsadida faoliyatini Ispaniyaning «Selta Vigo» klubida davom ettiradi.