Live
7
O'zbek

Rizoyon: «Eron xalqi bizni kechiring! Uch oydan buyon hech kimdan hech nima kutmay kurashayapmiz»

Futbol
27 iyun, 06:36
Forslar himoyachisi guruh bosqichining so‘nggi o‘yinidan keyin ta’sirli so‘zlarni aytdi.
Омонжон Тўхтамирзаев
Omonjon To‘xtamirzayev Editor
Rizoyon: «Eron xalqi bizni kechiring! Uch oydan buyon hech kimdan hech nima kutmay kurashayapmiz»
Foto: Getty Images

Misr – Eron (1:1) uchrashuvida forslarning goliga mualliflik qilgan Ramin Rizoyon alamli durangdan keyin ko‘z yoshlarini tiya olmadi. Forslarning 90+6-daqiqadagi goli bekor qilindi, jamoa pley-off yo‘llanmasini (3 ochko) qo‘lga kiritishi so‘roq ostida turibdi.

«Nima deyishim mumkin? Nega bunday bo‘layotganini bilmayman. Bu shunchaki omadsizlik. Bir marta, ikki marta, uch marta, to‘rt marta, besh marta... Keyingi bosqichga chiqishimizga va xalqimiz yana quvonchni his qilishiga umid qilaman. Chunki xalqimiz bundan ham yaxshirog‘iga munosib.

Biz borimizni berdik. Yagona istagimiz xalqimizni baxtli qilish edi. Uch oydan buyon hech kimdan hech qanday mukofot yoki e’tirof kutmasdan kurashyapmiz. Biz, futbolchilar, hech qachon hech kimdan hech narsa so‘ramaganmiz. Bu jamoadagi har bir futbolchi or-nomusli, mustahkam xarakterli vatanga sodiq insonlar. Ular faqat xalqimizga bo‘lgan mehri va ularning qalbiga quvonch olib kirish uchun kurashdi, yugurdi va borini berdi.

Eron xalqi, biz sizlarni juda yaxshi ko‘ramiz. Bizni kechiring. Ayta oladigan yagona gapim shu — bizni kechiring. Barchamiz, futbolchilar, bundan qattiq afsusdamiz. Biz juda yaxshi futbol namoyish etdik, ammo qayerda xato qilganimizni bilmayman. Sizlar bu dunyodagi eng yaxshi narsalarga munosibsizlar. Biz sizlardan cheksiz minnatdormiz va sizlarga hamisha sodiqmiz», - dedi Ramin Rizoyon.

Ma’lumot uchun, Eron uch ochko bilan uchinchi o‘rinlarni egallagan eng yaxshi sakkiz jamoadan biri sifatida 1/16 final yo‘llanmasini qo‘lga kiritish umidida boshqa guruhlardagi vaziyatni kuzatmoqda.

Bugungi yangiliklar