Chempionatimizda boshqa klublar qatori Termizning «Surxon» jamoasi ham yozgi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini davom ettirmoqda. Klub 11 turdan keyin 12 ochko bilan 12-o‘rinni egallab turibdi.
Jamoa bosh murabbiyi Anvar G‘ofurov o‘z jamoasini yozgi yig‘inda yanada yaxshiroq tayyorlash, tarkibni shakllantirish borasida rejalar ishlab chiqqan bo‘lib, shuning ustida ish olib bormoqda.
Bu borada Tribuna.uz jurnalisti «Surxon» ustoziga bir qator savollar bilan murojaat qildi.
- Jamoangizning yozgi o‘quv mashg‘ulot yig‘ini qanday davom etyapti? Ko‘nglingiz to‘lyaptimi?
- Hammayoq yaxshi. Bir hafta davomida Tojikistonning Xo‘jand shahrida shug‘ullandik va keyin Toshkentga qaytishga qaror qildik. Hozirgi kunda poytaxtda yig‘inimiz davom etyapti.
- Tarkibni bir qator o‘yinchilar tark etdi. Shu haqida to‘xtalsangiz va ketishining sababi nimada?
- Ha, bir qator futbolchilar jamoamizni tark etishdi. Hozirgi kunda 3-4 nafar futbolchimiz, Potapov va Jamol o‘z xohishlariga ko‘ra ketdilar. Bu ularning qarori va aniq nima uchun bu qarorni qabul qilganlarini, ularni o‘zlaridan so‘rasangiz to‘g‘ri bo‘lardi. Javohir ham jamoamizni tark etdi. U yaxshi futbolchi hamda ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi uchun jamoani o‘zgartirishga qaror qildi.
- Tojikistondagi yig‘inda e'tibor nimaga qaratildi?
- Bu yig‘inimizda ko‘proq hordiqdan so‘ng, har bir futbolchimizni sport formasini tiklash va yanada mukammallashtirish uchun e'tibor qaratdik. U yerda asosan jismoniy va texnikaga urg‘u berdik.
- Ma'lumki, «Surxon» futbolchisi Behruz Karimov mundialda o‘zidan yaxshi taassurot qoldiryapti. Uning ishtirokiga qanday baho berasiz?
- Albatta, Behruz yosh bo‘lishiga qaramay, juda iste'dodli va kuchli futbolchi. U juda yaxshi taassurot qoldiryapti. Ishonamanki, Karimov yanada mukammal futbolchi bo‘lishi mumkin. Xudo xohlasa, yaxshi va kuchli jamoaga o‘tsa, O‘zbekiston futbolining yutug‘i bo‘ladi. Behruz uchun jamoamizdagilar va o‘zim ham juda xursandman.
- Jahon chempionatidan keyin Behruz Karimovni Yevropaga ketishi haqida aytilmoqda. Unga qanday takliflar tushmoqda va uni legioner sifatida Yevropada o‘ynashiga tayyor deb hisoblaysizmi?
- Albatta, biz Behruzni yoshini inobatga olishimiz kerak. Uni Yevropada o‘ynashga loyiq, deb o‘ylayman. Karimov haqida ko‘p gapirish mumkin. Aniq qanaqa klublar qiziqish bildirmoqda, bilmayman. Milliy jamoamizga, har bir futbolchimizga omad tilayman.
- «Surxon»ga yozgi yig‘inda qanday o‘yinchilar qo‘shilmoqda va umuman seleksiya ishlari qanaqa olib borilyapti?
- Hozirgi kunda seleksiya ishlari olib borilyapti. Lekin hali hech qanday o‘yinchi jamoamizga qo‘shilgani yo‘q. Hali vaqt bor, balki, Xudo xohlasa, o‘zgarishlar bo‘ladi. 2-3 nafar o‘yinchi tarkibimizga qo‘shiladi.
Anvar G‘ofurov: «Behruz Karimovni Yevropada o‘ynashga loyiq, deb o‘ylayman»
Eksklyuziv
27 iyun, 08:00
Tribuna.uz jurnalisti «Surxon» ustoz bilan suhbatlashdi.
Фото: Сурхон ПФК