Live
1
O'zbek

«Radnik» ustozi Tribuna.uz'ga: «Shukurovning jamoamizga o'tishi Serbiya uchun katta syurpriz bo'ldi»

Eksklyuziv
10 oktabr, 08:05
    9
«Radnik» ustozi Tribuna.uz uchun biroz vaqt ajratdi.
«Radnik» ustozi Tribuna.uz'ga: «Shukurovning jamoamizga o'tishi Serbiya uchun katta syurpriz bo'ldi»
Фото: Getty Images

Yaqinda O'zbekiston milliy jamoasi a'zosi, tajribali futbolchi Otabek Shukurov Serbiya chempionatida ishtirok etuvchi – «Radnik» bilan shartnoma imzoladi.

Albatta, ushbu xabar ko'pchilikni hayron qoldirgan bo'lishi tabiiy. Chunki bu kutilmagan yangilik bo'ldi. Endilikda Shukurov faoliyatini «Radnik»da davom ettiradi.

Biz esa ushbu klub bosh murabbiyi Zoran Rendulich bilan aloqa o'rnatdik. O'z navbatida «Radnik» ustozi Tribuna.uz uchun biroz vaqt ajratdi.

- Janob Rendulich, sizga O'zbekistondan bezovta qilyapman. Nima sababdan qo'ng'iroq qilayotganimni allaqachon taxmin qilgandirsiz. Gap Otabek Shukurov haqida ketmoqda. Rostini aytganda, bu futbolchini o'z jamoangizga qo'shganingizdan keyin O'zbekistondan sizga qo'ng'iroqlar bo'lishini kutmagan bo'lsangiz kerak?

- Otabekning mamlakatingizda juda mashhur ekanini tushunaman, shuning uchun bu suhbatga sabab bo'lgan mavzuni ham yaxshi anglayapman.

- Rostini aytsak, Shukurovning Serbiya, xususan, «Radnik»ka o'tishini biz ham kutmagandik. Umuman, bu transfer qanday amalga oshdi?

- Transfer oynasi yopilganidan keyin bir futbolchini taklif qilish imkoniyati paydo bo'ldi. U erkin agent maqomida edi, qolaversa, uning agenti bizning hududdan bo'lgani uchun aloqalarni yo'lga qo'yish ancha oson kechdi.

- Odatda Serbiya chempionatidan O'zbekistonga ko'plab futbolchilar keladi. Ammo o'zbek futbolchilarining Serbiyaga borib o'ynashi unchalik ko'p uchramaydi. Sizningcha, buning sababi nimada?

- Serbiyalik ko'plab futbolchilar mamlakatingizda o'zidan yaxshi iz qoldirgan va keyingi avlod futbolchilari uchun eshiklarni ochib bergan.

- Otabek Shukurovni birinchi marta qachon ko'rgansiz va uni jamoangizga taklif qilish tashabbusi qachon paydo bo'lgan?

- Men uni transferdan ikki haftacha oldin birinchi marta ko'rdim. Futbolchilarni jalb qilish bilan klubning skautlik xizmati va sport direktori shug'ullanadi. Albatta, jahon chempionatida ishtirok etgan, katta tajribaga ega futbolchining jamoaga qo'shilishiga men ham rozi bo'ldim.

- Biz Shukurovning yetarlicha kuchli futbolchi ekanini bilamiz va tabiiyki, uning moliyaviy talablari ham darajasiga mos. «Radnik» futbolchining moliyaviy talablarini qondirishda qiyinchiliklarga duch kelmadimi?

- Moliyaviy masalalardan xabardor emasman, bu mening vazifalarim doirasiga kirmaydi. Ammo «Radnik» Shukurovni o'z safiga qo'sha olgan bo'lsa, demak, klub barcha yo'nalishlarda ancha o'sgan.

- Nega aynan Shukurovni tanladingiz? Boshqa o'zbek futbolchilarini ham ko'rib chiqdingizmi?

- Boshqa futbolchilarni muhokama qilmadik va ko'rib ham chiqmadiк.

- Ayni paytda O'zbekiston chempionatida to'p tepayotgan serbiyalik futbolchilardan qaysilari sizga yaxshi tanish? Ularning birortasi bilan aloqani saqlab turibsizmi?

- Hozircha u yerdagi hech bir futbolchi bilan aloqam yo'q. Men o'zim ham faoliyatimni ancha oldin yakunlaganman, hozir u yerda mendan ancha yosh futbolchilar to'p tepmoqda.

- Otabek Shukurovning «Radnik»ka o'tishiga Serbiyada qanday munosabat bildirildi?

- Bunday jiddiy rezyumega ega futbolchining «Radnik»ka o'tishi Serbiya uchun katta syurpriz bo'ldi.

- Endi o'zbek muxlislari ham Shukurovning yangi jamoasiga katta qiziqish bildira boshladi. Bu o'z navbatida, «Radnik» uchun ham o'ziga xos yaxshi reklama bo'lmoqda. Siz ham shunday deb hisoblaysizmi?

- Albatta, o'z milliy terma jamoasida 92 ta uchrashuv o'tkazgan futbolchining jamoamiz safiga qo'shilishi «Radnik»ning nufuzi va reytingiga ham ijobiy ta'sir ko'rsatadi.

- «Radnik»ning chempionatdagi maqsadlari qanday? «Srvena Zvezda»ni biz yaxshi bilamiz — klub hozir ham peshqadamlik qilmoqda. «Radnik» esa ayni paytda 14 ochko bilan 7-o'rinda bormoqda. Mavsum yakuniga qadar jamoa oldiga qanday vazifalar qo'yilgan?

- «Radnik»ning bu mavsumdagi maqsadi — hozirgi o'rnimizni saqlab qolish. Ammo yuqoriroq natija uchun imkoniyat paydo bo'lsa, albatta, undan foydalanish uchun kurashamiz.

Yangi munozara

Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda

9 izoh
Muhokamaga o‘tish

Izohlar Telegram’da ochiladi

Bugungi yangiliklar