«Manchester Yunayted» bosh murabbiyi Maurisio Pochettino jamoa boshqaruvidagi ilk uchrashuvida «Liverpul»dan uchralgan 0:4 hisobidagi mag‘lubiyat haqida fikr bildirdi.
«Juda alamli. Hafsalam pir bo‘ldi. Asosiy muammo shundaki, o‘yin 6-daqiqadayoq butunlay o‘zgarib ketdi.
Hozir hammasini muhokama qilishimiz va tushuntirishimiz mumkin, ammo zarar allaqachon yetkazilgan.
Futbolchilar ham bu vaziyatdan aziyat chekmoqda. Men ularga xotirjamlikni saqlash kerakligini, mutlaqo adolatsiz holat yuz berganini aytdim.
Shu bilan birga, diqqatimizni oshirishimiz, maydonda to‘g‘ri qarorlar qabul qilishimiz va ancha yaxshiroq o‘ynashimiz kerakligini tan olishimiz lozim.
O‘zimizga tanqidiy munosabatda bo‘lishimiz, ayni paytda uchrashuvda biz norozi bo‘lgan vaziyatlarni ham ko‘rsatib o‘tishimiz kerak.
Yoro maydondan chetlatilgan vaziyatda to‘p darvozabon tomon ketayotgandi. VAR tasvirlarini qayta ko‘rsak, Yoroning Isak bilan to‘qnashish niyati umuman bo‘lmaganini ko‘rish mumkin. Hujumchi to‘p darvozabon tomon ketayotganini ko‘rib, biroz sekinlashdi va yiqildi.
Endi ikki daqiqa ortga qaytaylik. 6-daqiqada Jake va Mbeumo ishtirokidagi vaziyat ham shunga o‘xshash emasmi? Bu ikki epizodni taqqoslasak, penalti belgilanishi kerak edi, shundaymi?
Agar 6-daqiqada gol urganimizda, hozir butunlay boshqa mavzuda gaplashayotgan bo‘lardik. Lekin ba’zida mas’uliyatni o‘z zimmangga olishing kerak. Men bu yerga mas’uliyatni o‘z zimmamga olish va olg‘a intilish uchun kelganman.
Sodir bo‘lgan voqeani o‘zgartira olmayman. Har doim hurmat qilish muhim. Biroq o‘z klubimni himoya qilishim va his qilayotganlarimni aytishim kerak.
Futbol o‘ynagan har qanday inson o‘sha vaziyatda qizil karta bo‘lmasligi kerakligini ko‘radi», — dedi Pochettino Sky Sports telekanaliga bergan intervyusida.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi