O‘zbekistonlik bokschi Sayat Ilyasovning murabbiyi Erdos Janabergenov shogirdi Qozog‘iston fuqaroligini olganini ma’lum qildi.
Endilikda sportchi xalqaro maydonda Qozog‘iston sharafini himoya qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
«Prezidentimiz fuqarolik berish to‘g‘risidagi farmonni imzolagani haqida xabar oldik. Darhol migratsiya politsiyasiga borib, barcha hujjatlarni topshirdik.
Hujjatlarni tezkorlik bilan rasmiylashtirishda yordam bergan barchaga minnatdorlik bildiraman. O‘ylaymanki, Sayatning misolida xorijdagi yana ko‘plab kuchli qozoq bokschilari yurtimizga kelib, mamlakatimiz sharafini himoya qiladi.
Hozirda Sayat Turkiston viloyatidagi «Almatau» bazasida Qozog‘iston milliy jamoasi bilan birgalikda mashg‘ulotlarda ishtirok etmoqda.
U Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Jahon kubogining final bosqichiga tayyorlanayotgan bokschilarimizga yordam bermoqda. Yangi yilga qadar uning pasportini qo‘lga kiritishni rejalashtirganmiz», — dedi Janabergenov.
Ma’lumot uchun, Ilyasov O‘zbekiston milliy jamoasi safida 2022-yilda yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatining bronza, 2023-yilda qit’a birinchiligining kumush medaliga sazovor bo‘lgan.
Shuningdek, u 2025-yilda 22 yoshgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasida Osiyo chempioniga aylangan va IBA jahon chempionatida ishtirok etgan.
Bokschi shu yilning yanvar oyi oxirida tarixiy vatani sharafini himoya qilish maqsadida Qozog‘istonga ko‘chib o‘tgandi. Biroq fuqarolikni rasmiylashtirish bilan bog‘liq muammolar tufayli noyabr oyida o‘tkazilgan Qozog‘iston chempionatida ishtirok eta olmagan edi.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi