Live
1
O'zbek

«O'zbekistonga havasim keladi» — «Barselona» sobiq futbolchisi Gleb Tribuna.uz'ga eksklyuziv intervyu berdi

Eksklyuziv
19 iyul, 05:54
Aleksandr o'zbek futboliga alohida gapirdi.
«O'zbekistonga havasim keladi» — «Barselona» sobiq futbolchisi Gleb Tribuna.uz'ga eksklyuziv intervyu berdi
Фото: Getty Images

Belarus futbolining tirik afsonasi, «Arsenal», «Barselona» kabi top klublarning sobiq o'yinchisi Aleksandr Glebni o'zbek ishqibozlari ham yaxshi bilishadi. Mashhur o'yinchining o'yinlari darhaqiqat kishiga zavq bag'ishlardi va boshqalar uchun namuna bo'la olgan. Gleb bilan intervyu uyushtirish oson jarayon emas. Biroq kuni kecha u ilk bor o'zbek matbuotiga, jumladan Tribuna.uz nashriga eksklyuziv intervyu berdi.

- Aleksandr Pavlovich…

- Meni shunchaki Aleksandr deb atayvering.

- Xo'p. Avvalo, bizga intervyu berishga rozilik bildirganingiz uchun rahmat aytmoqchiman. Adashmasam, bu o'zbek matbuotiga bergan dastlabki intervyuingiz, shundaymi?

- Ha, shunaqa.

- Bunday bo'lishini kutmagansiz kerak?

- Ha, buni sira ham kutmagandim.

- O'zbekistonlik ishqibozlar orasida sizning muxlislaringiz ham talaygina. Ular futbolchi Glebning qanday o'yinlar namoyish etganini yaxshi eslashadi.

- Buni bilish juda ham yoqimli.

- Faoliyatingizni yakunlaganingizdan so'ng futbol olamida ko'rinmay qoldingiz. Nima sababdan bunday bo'ldi?

- Men futboldan butunlay ketganimcha yo'q. «A» toifali litsenziya uchun saboq oldim. Bu litsenziya bilan o'zimni murabbiy sifatida sinab ko'rish istagim ham yo'q emas. Shuni xohlar edimki, mustaqil ravishda bir jamoani boshqarib, yaxshi natijalar ko'rsatsam deyman. Lekin hozircha bu istak amalga oshmay turibdi. Boz ustiga, murabbiylik ishi oson emasligini bilaman. Umuman aytganda, hozir Belarus futbolida bir vazifada ishlayapman.

- Agar sir bo'lmasa, qanday vazifada ishlayapsiz?

- Ayni paytda «Torpedo BelAZ» jamoasining direktorlar kengashida ish bilan bandman. Shuningdek, federatsiyaning ijroiya qo'mitasida ham faoliyat boshlaganman. Umuman aytganda, Belarus futboli hayotida asta-sekinlik bilan ko'rinish berishni boshladim.

- Murabbiylik faoliyatingizni boshlashingiz mumkinligini kutsak bo'ladimi?

- Bilmayman, nima deyishga ham hayronman. Chunki murabbiylik – bu o'ta mas'uliyatli vazifa. Futbolchi bilan murabbiy o'rtasida juda katta farq bor. Odam o'zini bu vazifaga tayyorlab borishi uchun vaqt kerak bo'ladi. Murabbiy avvalo futbolni chin dildan sevmog'i, uning ikir-chikirlarini tushunishga intilmog'i darkor. Kishi qaysi sohada ishlamasin, o'sishi uchun uning barcha sir-asrorlaridan xabar topishi kerak bo'ladi. Aks holda ish bilan shug'ullanish befoyda. Odam sevgan ishi bilan mashg'ul bo'lsagina o'zini baxtli his qiladi. Mana shunda u muvaffaqiyat qozonishi mumkin. Agar sevsayu, ammo biror narsaga erisha olmasa – bundan yomoni yo'q.

- O'yinchilik davringizda o'zingiz to'p tepgan BATE, «Volsfburyg», «Arsenal», «Barselona», «Shtutgart», «Birmingem Siti» orasida siz uchun alohida ahamiyat kasb etadigan jamoa «Arsenal», desak bo'ladimi?

- Bilasizmi, faoliyatimda o'zim o'ynagan har bir klub qandaydir jihatlar bilan mening hayotimga ta'sir ko'rsatmasdan qolmagan. Har bir to'p tepgangan jamoam menga qandaydir foyda bo'lgan, o'ziga yarasha malakamni oshirishda qo'l kelgan. O'zim o'ynagan klublarning hammasidan minnatdorman. Albatta, «Arsenal» yuragimning bir qismida alohida ahamiyat kasb etadigan jamoadir.

- Hozirda yakuniy qismiga etib kelgan jahon chempionati o'zingiz kutgan darajada o'tyaptimi?

- Aslini olganda, u darajada emas. Lekin har qanday holatda ham jahon chempionati bahslarini kuzatish o'zgacha kayfiyat taqdim etadi.

- Biz uchun qiziq: O'zbekiston milliy jamoasi ishtirokidagi o'yinlarni ham kuzatdingizmi? Jamoamizning debyuti haqida nima degan bo'lardingiz?

- O'zbekiston milliy jamoasining jahon chempionatiga chiqishi – bu katta qadamdir. O'z navbatida bunday musobaqada qatnashish milliy jamoangizga katta plyus. Ha, natijalar qoniqarli darajada bo'ldi, deyish amrimahol. Biroq bunday ishtirok keyingi jahon chempionatlari oldidan har qanday futbolchingizni ruhlantirishi, oldinga intilish uchun rag'batlantirishi tayin. Bir so'z bilan aytganda, jahon chempionatidagi ishtirok – bu zo'r imkoniyat.

- Umuman aytganda, o'zbek futboli va milliy jamoamiz haqida qanday fikrlar bildirgan bo'lardingiz?

- Men bevosita JCHdan kelib chiqqan holda xulosa chiqarishim mumkin. Termangiz Portugaliya bilan o'ynadi. Tabiiyki, mahorat va ijrochilarning saviyasi borasidagi farq ancha kattaligi sezilib turdi. Biroq natija kutilgan darajada bo'lmasa ham yigitlaringiz ko'zida qandaydir chaqnashni ko'rdim. Ular mundial doirasidagi o'yin, uning atrofidagi muhit qay darajada bo'lishini o'z tanlarida sinab ko'rishdi. Bo'ya aytganimdek, bu futbolchilarga tajriba maktabi vazifasini o'tab beradi.

- Futbolchilik faoliyatingizda o'ziga yarasha mashhurlikka erishgansiz. Shon-shuhrat, hammaga taniqli bo'lish kishiga qanday ta'sir ko'rsatadi?

- Bolalikdan futbolni qattiq sevganman. Orzumga etishganimdan faqat xursand bo'lganman, xolos. Taqdir meni o'zim sevgan mashg'ulot bilan shug'ullanish imkonini bergani uchun undan minnatdorman. Men asosan maydonda to'p tepishdan zavqlanganman. Shon-shuhrat haqida esa o'ylashga vaqtim bo'lmasdi. Rostini aytsam, mashhurlik haqida umuman o'ylamasdim.

- O'yinchilik davringizda qator yulduzlar bilan to'p tepganingiz. Hozirgacha ayrimlari bilan aloqani ushlab turibsizmi?

- Ayniqsa, Sesk Fabregas bilan yaqin aloqani saqlab kelaman. Shuningdek, Germaniyada birga o'ynagan futbolchilarning ko'pchiligi bilan aloqani saqlab qolganman. Faoliyatni tamomlaganingizdan keyin taqdir har kimni turli joylarga sochib yuborar ekan. Baxtga qarshi ko'plab do'stlarim bilan kontaktlarni yo'qotib qo'ydim. Lekin agar kerak bo'lsa, tanish-bilishlar orqali raqamlarini tiklash, ular bilan bog'lanishning ilojini topsa bo'ladi. Bo'ya aytganimdek, Germaniyada birgalikda to'p tepgangan yigitlar bilan tez-tez gaplashib turaman. Deyarli har kuni unisi yoki bunisiga telefon qilishim mumkin.

- Faoliyatingiz davomidagi eng yoqimli, buning aksi o'laroq eng yoqimsiz holatlar haqida gapirib bersangiz.

- Eh, qaysi birini ham esga olishingni bilmay qolarkanman. Eng yoqimli damlar «Arsenal»da bo'lgan. Umuman, faoliyatimdagi har bir bosqichda bunday holatlar yonma-yon yurgan. «Shtutgart»da og'ir bo'lishiga qaramay, biz oldinga katta qadam tashlashning ilojini topa olganmiz. Birgalikda qattiq mehnat qilganmiz. Men ham o'z navbatida jamoa uchun bor kuchimni ishga solganman. Endi, mana, o'yinchilik faoliyatimni tamomlaganimdan keyin ko'proq quvonchga to'la damlarni esga olaman. Qandaydir sog'inch hissi bunday paytda dilimni qurshab oladi. Eng yoqimsizlaridan biri sifatida «Barselona»da o'zim istagan darajada o'ynab keta olmaganimni alohida ko'rsatishim mumkin. Afsus...O'ynab ketishimga to'sqinlik qilgan aksar holatlar futbolga u darajada aloqasi bo'lmagan. Endi barini eslashdan hech qanday naf chiqmaydi…

- O'zingiz o'ynagan paytdagi «El-klassiko»lar bilan bugungi «El-klassiko»lar o'rtasida qanday farq bor?

- Rostini aytaman, bunday taqqoslashlar yoqmaydi. O'sha damlarda ham o'ta yuqori mahoratli futbolchilar bo'lgan. Hozir ham mahorat bobida ulardan qolishmaydigan ijrochilar ikkala klub tarkibida o'ynashyapti. Shunchaki, farq u darajada katta emas. Faqat vaqt tafovuti o'zgacha bo'lganini aytish mumkin.

- «Barselona» bilan sovrin va unvonlarga ega bo'lgansiz. Uyingizda ushbu medallarni saqlab kelasizmi?

- Ha, futbolda qo'lga kiritilgan Kuboklarning kichik shakli o'yinchilarga taqdim qilib kelinadi. Bunday mitti kuboklardan uyimda talaygina. Ularni alohida xona saqlayman.

- O'zingiz qo'l ostida o'ynagan murabbiylar ichida qaysinisini eng zo'ri deb ayta olasiz?

- Arsen Vengerni.

- Faqat shumi?

- O'zim o'ynagan jamoalarning har bir murabbiylaridan minnatdorman. Chunki ular faoliyatimda futbolchi sifatida shakllanishim uchun qandaydir hisni qo'sha olganlar.

- Arsen Venger bilan hozir ham qo'ng'iroqlashib turasizmi?

- Uchrashmay qo'yganimizga ancha bo'ldi. Oxirgi marta Belarusda BATE bilan o'ynashga tashrif buyurganida ko'rishgandim. Venger bilan ba'zida telefonlashishim mumkin, masalan, tug'ilgan kunida tabriklash uchun raqamini teraman. Ammo muttasil gaplashib turamiz, deb ayta olmayman.

- Agar ortga qaytishni iloji bo'lganida nimani o'zgartirishni istagan bo'lardingiz?

- Balki «Barselona»dan ketmasmidim?! «Barselona»da qolib yana o'ynashda davom etgan bo'lardim.

- Messi bilan yelka-yelka to'p tepgan siz. U qanday futbolchi, o'zi?

- U aqlbovar qilmas darajadagi futbolchidir! Shunchaki, jahondagi eng zo'ri. Bir so'z bilan aytganda, fantastik o'yinchi!

- Ronaldu bilan Messi: sizningcha, ularning qaysi biri zo'rroq?

- Albatta, Messi. Ronaldu ham buyuk futbolchi. Lekin, Messi baribir o'zgacha. Ronaldu ham qoyilmaqom ijrochi. Baribir Messini men bizning sayyoramizdan bo'lmagan futbolchi deb bilaman (kuladi).

- Abduqodir Xusanov Evropaga chiqib ketishidan oldin aynan Belarus chempionatida to'p tepgan. Uning bugungi darajaga etishishi mumkinligini kutganmidiz?

- To'g'risini aytsam, Abduqodir Husonovni «Manchester Siti»da o'ynashni boshlaganidan keyin bildim. Bungacha u haqida biror-bir ma'lumotga ega emasdim.

- Demak, uning o'z vaqtida «Energetik BGU»da o'ynaganini bilmagan ekansiz-da?..

- Shunday. Men u haqida keyinchalik saytida «Energetik BGU»da o'ynagan, degan ma'lumotni joylashganida xabar topdim. «Siti»dagi o'yinlaridan kelib chiqqan holda aytishim mumkin-ki, Husonov juda ham qobiliyatli yigit. Aks holda bunday yo'l bosib Evropada o'ynash imkoniga ega chiqmasdi. U juda abjir, tezkor futbolchi. Kerak paytda o' ta tajovuzkor ham. Uni ikki og'iz so'z bilan shunday ta'riflash mumkin.

- O'zbek futbolchilari orasida ham tanishlaringiz bormi? Umuman, bizning o'yinchilar haqidagi fikringizni bilish qiziq…

- O'zbek futboli o'syapti, rivojlanib boryapti – buning ajablanarli joyi yo'q. Qo'shimchasiga milliy jamoangizning jahon chempionatidagi ishtiroki uni yanada taniqli qildi. Chunki mundialda qatnashish – bu har qanday terma jamoa uchun oldinga tashlangan ulkan qadamdir. Bunday darajaga chiqishimiz uchun biz hali ko'p ishlashimiz kerakka o'xshaydi. Yaxshi niyatda albatta milliy jamoangizga havasim keladi.

- O'zbek ishqibozlariga aytadigan tilaklaringiz bormi?

- Avvalo, o'zbek muxlislarini milliy jamoangizning jahon chempionatida ishtirok etgani bilan chin qalbimdan tabriklab qolaman. Milliy jamoangiz JCH ishtirokchilaridan biriga aylangan paytda ularning qay darajada xursand bo'lganlarini ko'z oldimga keltirishim mumkin. Chunki har qanday terma jamoaga ham bunday ulkan futbol bayramida qatnashish nasib qilavermadi. To'g'ri, ishqibozlaringiz milliy jamoadan JCHda yaxshiroq natijalarni kutgan bo'lishlari tayin. Ammo boshlanishi har doim ham silliq kechavermasligini yoddan chiqarmaslik kerak. Muxlislar birinchi navbatda jahon chempionatining qadrini, terma jamoa uchun qay darajada ahamiyat kasb etganini tushunishlari darkor. Suhbatimiz avvalida shu haqida gapirib o'tganimdek, bunday ishtirok o'sib kelayotgan yangi yosh avlodga ruhlanish vazifasini o'tab beradi. Milliy jamoangizga bundan keyin ham omad yor bo'lishini, o'zbek ishqibozlariga esa hamisha hushkayfiyat hamroh bo'lishini tilayman. Ishqiboz zoti uchun terma jamoaning turnirlarda munosib ishtirok etishini kuzatishdan zavqliroq narsa bo'lmasa kerak. Bir so'z bilan aytganda, milliy jamoangizga ham, o'zbek muxlislariga ham omad tilab qolmoqchiman.

- Bizning futbol yil sayin o'sib bormoqda: klublarning infratuzilmasi yaxshilanmoqda, yangi stadionlar barpo qilinmoqda. Futbol bilan jiddiy shug'ullanish uchun mashg'ulot bazalari zo'r holatga keltirilmoqda…

- Albatta, futboli rivojlanayotgan davlatda bunday ishlarning amalga oshirilishi tabiiy hol. Buni to'g'ri tushunaman. Yana takrorlayman, O'zbekiston milliy jamoasining mundialda qatnashishi zamirida infratuzilmaning rivojlangani yotibdi. O'z o'rnida infratuzilma tizimni yaxshilanishiga, yosh futbolchilarning shakllanib borishiga xizmat qiladi. Bularning barini kuzatish – ajoyib.

- O'zbek va Belarus futboli o'rtasidagi farqni taqqoslay olasizmi?

- Yuqorida aytib o'tganimdek, o'zbek futbolidan bexabarman. Lekin milliy jamoalar miqyosida olsak, sizlarda hammasi to'g'ri yo'nalishda borayotganini mundial isbotlab berdi. Chunki milliy jamoangiz jahon birinchiligida ishtirok etdi, tarkibdagi bir qancha futbolchilaringiz esa chetda – taniqli klublarda o'ynashmoqda. Birgina «Siti»ni misol qilib olsak ham bu ko'p narsadan dalolat qiladigan jihat hisoblanadi.

Yangi munozara

Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda

15+ izoh
Muhokamaga o‘tish

Izohlar Telegram’da ochiladi

Bugungi yangiliklar