Live
3
O'zbek

O‘runov Eron – Turkiya chegarasida, Ashurmatov Dubayda, Sergeyev chegaradan o‘tish uchun yo‘l olgan – O‘FA rasmiysi

Futbol
1 mart, 06:26
Eron klublaridagi o‘zbekistonlik futbolchilarning qayerda ekani haqida ma’lumot berildi.
O‘runov Eron – Turkiya chegarasida, Ashurmatov Dubayda, Sergeyev chegaradan o‘tish uchun yo‘l olgan – O‘FA rasmiysi
Foto: Persepolis FC

AQSH va Isroilning Eronga hujumi ortidan ushbu mamlakatda faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik futbolchilar xavfsizlik nuqtayi nazaridan vaqtinchalik Eronni tark etmoqda.

O‘FA rasmiysi xabariga ko‘ra, Eron klublaridagi O‘zbekiston milliy jamoasining bir necha nafar a’zosi hozirga kelib notinch vaziyat sababli bu mamlakatni tark etmoqda.

Tehronning «Istiqlol» klubi himoyachisi Rustam Ashurmatov ayni damda Dubayda bo‘lib turibdi. «Traktorsozi» yarimhimoyachisi Odil Hamrobekov Toshkentga qaytgan bo‘lsa, Jaloliddin Masharipov jarohatidan tiklanish jarayonini Italiyada o‘tkazmoqda.

Igor Sergeyev kecha, 28 fevral kuni Eron chegarasidan o‘tish uchun yo‘lga otlangan. «Persipolis»ning yana bir a’zosi Oston O‘runov ayni damda Eron chegarasidan Turkiya davlatiga o‘tmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 28 fevral kuni mahalliy vaqt bilan soat 09:30 atrofida AQSH va Isroil tomonidan yo‘llangan zarbalar oqibatida Tehronda dastlabki portlashlar ro‘y berdi. Bundan tashqari, shu vaqtda mamlakatning boshqa yirik shaharlari, jumladan, Isfahon, Qum, Kerej va Kirmonshoh ham hujumga uchragan. Eron havo hududi yopilganini e’lon qildi.

Qizil yarimoy jamiyatining Erondagi bo‘limining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, hujumlar oqibatida mamlakatning 24 ta viloyatida jami 201 kishi halok bo‘lib, 747 kishi yaralangan. Xususan, Eron janubidagi Minob shahrida joylashgan qizlar maktabiga zarba berilishi oqibatida qariyb 150 kishi halok bo‘lgani xabar qilinmoqda.

Bugungi yangiliklar