Live
1
O'zbek

Nodirxon Ne'matxonov: "Bunday ishqibozlari bor jamoada o'ynash har qanday futbolchining orzusi"

Eksklyuziv
30 iyul, 04:10
Ne'matxonov "burgutlar" a'zosiga aylangach, Tribuna.uz uchun eksklyuziv intervyu berdi.
Nodirxon Ne'matxonov: "Bunday ishqibozlari bor jamoada o'ynash har qanday futbolchining orzusi"
Фото: Андижон ПФК

Jiddiy maqsadlar uchun kurashayotgan "Andijon" yozgi transfer vaqtida uch nafar yangi o'yinchini rasmiy tanishtirganidan xabaringiz bor.

Ularning orasida 25 yoshli iqtidorli himoyachi Nodirxon Ne'matxonov ham bo'lib, endilikda bor e'tiborini o'zining yangi jamoasiga qaratadi.

Ne'matxonov "burgutlar" a'zosiga aylangach, bir qator savollarga javob qaytardi.

- Nodirxon, "Andijon" klubiga xush kelibsiz. Faoliyatingizda yangi sahifa ochilyapti. Bu qarorga kelishingizga nima turtki bo'ldi?

- Assalomu alaykum. "Andijon"ga qo'shilganimdan juda xursandman. Murabbiylar shtabi tomonidan menga taklif bo'ldi. Eng zo'r variant, o'zimga ham "Andijon" juda yoqadi. Birinchi navbatda muxlislari. Bunday ishqibozlari bor jamoada o'ynash har qanday futbolchining orzusi deb o'ylayman. Chunki bunday atmosferada futbolchi maza qiladi. O'ylab o'tirmasdan bu taklifga rozi bo'ldim.

- Bu yerga kelib infratuzilma, baza, sharoitlarni ko'rdingiz. Bunga qadar qanday fikrda edingiz?

- "Andijon" haqida menda ma'lumot bor edi. Ammo bu yerga kelib futbol uchun hamma sharoit borligini ko'rib o'zim ham hayron qoldim. O'zbekistonda futbol shunchalik o'sayotganiga yana amin bo'lyapman. Bu yerdagi bazada hamma narsa futbol uchun. Mashg'ulotlar professional darajada. Tiklanish jarayonlari, trenajor zali, basseyn – hamma narsa zo'r. "Andijon" deganda futbolga moslashgan shahar desa ham to'g'ri bo'ladi. Menga barchasi yoqdi.

- "Andijon"ning "Buxoro"ga qarshi uchrashuvini tribunadan kuzatdingiz. Muhitni ko'rdingiz va uchrashuvdan keyin g'alabani nishonlashda ham bevosita muxlislar birga bo'ldingiz. Qanday taassurotlar qoldi?

- Maydonda o'ynashdan ko'ra, tribunadan ko'rib, jamoani qo'llab-quvvatlash qiyinroq. Xudoga shukur, yuzimiz yorug' bo'ldi, nihoyatda xursand bo'ldim. O'yinimiz juda chiroyli tarzda bo'ldi. "Buxoro" ham yuqori o'rinlardan birida edi. Birinchi marta nishonladim. To'g'risi, bunday atmosferada maza qildim. Hissiyotlarim ajoyib. Xudo xohlasa, keyingi safar maydonda o'ynab, g'alabani nishonlash nasib qilsin.

- Ayni paytda jamoa "Paxtakor"ga qarshi bo'lajak muhim uchrashuv uchun tayyorgarlik ko'rmoqda. O'yin oldidan fikringiz qanday?

- Mashg'ulotlarda ham to'g'ri yo'ldamiz. Bu – futbol. O'z uyimizda "Paxtakor"ni yutish nasib qilsin. Bundan ham ruhiyat kuchliroq bo'lib, raqibni mag'lub etib, barcha muxlislarimiz oldida g'alabani birgalikda nishonlash nasib qilsin.

- Jamoaga qo'shildingiz, futbolchilarni va umuman klubni potensialini qanday baholayapsiz?

- Bu yerda futbolchilarning saviyasi juda yuqori. O'yindan-o'yinga hamma ochilib boryapti. O'zini nimaga qodirligini ko'rsatmoqda. Menga bularidan o'rganadigan narsam ko'p. Islom To'xtaxo'jayev, Nemanya Chalasanga kabi futbolchilar ancha tajribali himoyachilar. Ulardan ko'p narsa o'rganayapman, menga yoqyapti. O'sadigan joyim bor ekan, menga shunday sharoitlarni yaratgani uchun "Andijon"ga rahmat deb qolaman.

- Bu yerda ham 4-raqamni tanladingiz. Kimga taqlid qilasizmi?

- Kumirim Serxio Ramos. Shuning uchun 4-raqamni tanlab yurardim. Ammo o'yinimni ko'pchilik Ryudigerga o'xshatishadi. Bu raqam o'zimga ham yoqadi.

- Ayting-chi, bolaligingiz, futbolga kirib kelishingiz qanday kechgan?

- "Paxtakor" klubi tarbiyalanuvchisiman. Stanislav Kudryashov, Sergey Tokov kabi murabbiylarning qo'l ostida katta bo'lganman. Keyin "Paxtakor", OKMK o'rinbosarlarida to'p tepdim. Keyinchalik yarim yil "Sho'rtan"da, so'ng "Neftchi"da bir yarim yil faoliyat olib bordim. "Surxon"da ikki yarim yil o'ynadim. Mana endi, "Andijon"daman va bu yerda ham yaxshi o'yinlar ko'rsataman, degan umiddaman", - deya Ne'matxonovning so'zlaridan keltiradi Tribuna.uz muxbiri.

Bugungi yangiliklar