«Santos» futbolchisi Neymar professional faoliyatini yakunlaganidan keyingi rejalari haqida gapirdi. Braziliyalik futbolchi futboldan ketgach, kamida bir yil dam olib, hech narsa bilan shug‘ullanmaslikni istashini bildirdi.
«Faoliyatimni yakunlaganimdan keyin bir yil davomida umuman hech narsa qilmayman. Shunchaki vaqtimni bekorga o‘tkazaman. Futbol o‘ynagim kelsa, o‘ynayman. Hech narsa qilgim kelmasa, hech narsa qilmayman.
Men futbolni juda yaxshi ko‘raman, lekin aynan uni o‘ynashni. Divanga o‘tirib, televizorni yoqish va o‘yin tomosha qilishni yoqtirmayman. «Barselona» va «PSJ»da jamoadoshlarim ertalab soat 11 dan kechki 6 gacha futbol tomosha qilishganida, bu meni jahlini chiqarardi», — dedi Neymar.
Ma’lumot uchun, Neymar faoliyati davomida «Barselona» va «PSJ» safida ham to‘p tepgan.
Eslatib o‘tamiz, braziliyalik futbolchi hozirda «Santos» sharafini himoya qilmoqda.