"Manchester Siti" yarimhimoyachisi Tiani Reynders yana "Milan"ga qaytishi mumkin. Bu haqda Milan Post nashri xabar tarqatdi.
Manbaga ko'ra, "rossoneri" rahbariyati niderlandiyalik futbolchining yozgi transfer oynasidagi vaziyati bo'yicha doimiy ravishda xabardor qilinib turilishini so'ragan. Agar "Manchester Siti" uni sotishga qaror qilsa, Italiya klubi Reyndersni qaytadan o'z safiga qo'shib olishga harakat qiladi.
Tiani 2025 yil yozida "Milan"dan "shaharliklar"ga 54 million yevro evaziga o'tgan edi. Uning ingliz klubi bilan shartnomasi 2030 yil 30 iyunga qadar amal qiladi.
O'tgan mavsumda u barcha turnirlarda 47 ta uchrashuvda maydonga tushib, 7 ta gol va 8 ta golli uzatmaga mualliflik qildi. Transfermarkt ma'lumotlariga ko'ra, uning bozor qiymati 50 million yevroni tashkil etadi.