«Barselona» akademiyasi tarbiyalanuvchisi Martin Montoya professional futbolchilik faoliyatini yakunlaganini rasman ma'lum qildi.
35 yoshli himoyachining so'nggi klubi Gretsiyaning «Aris» jamoasi bo'ldi.
«Futbolga bag'ishlangan ko'p yillardan so'ng professional faoliyatim bilan xayrlashish vaqti keldi. Bu qaror haqida uzoq o'yladim. Men futbolga borimni berdim va ortga xotirjam nazar tashlay olaman. Futbol menga shunchaki o'yindan ko'ra ko'proq narsani berdi — do'stlar, unutilmas uchrashuvlar va hayot saboqlarini.
Hammasi to'qqiz yoshimda «Barselona» akademiyasiga kelganimdan boshlangan edi. Asosiy jamoada o'ynash orzum ushaldi. Bu yo'l ajoyib, ammo juda mashaqqatli bo'ldi. Oilamning yordamini hech qachon unutmayman. Ayniqsa, ota-onam, rafiqam, farzandlarim, akam, agentim va buvimga cheksiz minnatdorman.
Bu qarorni, avvalo, shaxsiy va ruhiy ehtiyojlarim hamda oilamga ko'proq vaqt ajratish istagi sabab qabul qildim. Ishonamanki, hayotimdagi eng yaxshi kunlar hali oldinda.
Rahmat senga, futbol», — deb yozdi Montoya ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Eslatib o'tamiz, Martin Montoya «Barselona» safida 87 ta bahsda maydonga tushgan. U klub bilan uch bor La Liga chempioni bo'lgan hamda 2015 yilda UEFA Chempionlar ligasi g'olibligini qo'lga kiritgan. Himoyachi faoliyati davomida «Valensiya», «Brayton», «Betis» va «Aris» klublarida ham to'p tepgan.