CAFA-2025 finali doirasidagi O‘zbekiston – Eron uchrashuvidan (1:0) keyin forslar himoyachisi Muhammad Husayn Ka'noni finalni boshqargan qirg‘izistonlik hamda VARdagi tojikistonlik hakamlarni tanqid qildi.
Eron milliy jamoasining 31 yoshli himoyachisi dastlab finaldan keyin mikst-zonada eronlik jurnalistlar bilan suhbatda finalni boshqargan Qirg‘iziston va Tojikistondan taklif etilgan hakamlarni tanqid qilib, finalda ular "eng yaxshi o‘yinchi bo‘lganini" aytib o‘tdi.
Finaldan keyin esa Ka'noni bilan "Persipolis"da birga to‘p surayotgan Oston O‘runov CAFA kubogi bilan suratini instagramdagi sahifasiga joylagach, eronlik futbolchi post ostida hakamlarni yana bir bor tanqid qildi:

"Kubok sizlarga emas, hakamga topshirilishi kerak edi", - deya izoh qoldirgan Muhammad Husayn Ka'noni.
Eslatib o‘tamiz, uchrashuvni qirg‘izistonlik Nurzatbek Abdikadirov boshqargan bo‘lsa, VAR hakami va assistenti sifatida tojikistonlik Sa'dullo Gulmorodi va Ismoil Nuraliyev ishladi.
Ma'lumot uchun, O‘zbekiston 13 yildan keyin Eron ustidan g‘alabaga erishdi.