KONKAKAFga a’zo bir qator davlatlar FIFA prezidenti Janni Infantinoning qayta saylanishini qo‘llab-quvvatlovchi maktublarini qaytarib olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
The Guardian xabariga ko‘ra, konfederatsiyaga a’zo ko‘plab federatsiyalar avvalroq Infantinoni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa-da, endi o‘z pozitsiyasini o‘zgartirishga tayyor.
Avvalroq UEFAning Finlyandiya, Uels, Shvetsiya va Serbiya kabi bir qator a’zolari ham FIFA rahbariyatiga ishonch yo‘qolganini ma’lum qilgan edi.
Manbaga ko‘ra, KONKAKAFning favqulodda yig‘ilishida ayrim davlatlar Infantinoni qo‘llab-quvvatlashdan voz kechishga va’da bergan. Hatto ayrim federatsiyalar buni norasmiy tarzda allaqachon amalga oshirgani ham istisno qilinmayapti.
Shuningdek, AQSH futbol federatsiyasi ham JCH-2026 vaqtida Folarin Balogunning diskvalifikatsiyasi AQSH prezidenti Donald Tramp aralashuvidan so‘ng bekor qilingani bilan bog‘liq mojaro sabab Infantinodan norozi ekani ta’kidlanmoqda.
Ma’lumot uchun, AQSH, Meksika, Kosta-Rika va Yamayka 2031 yilgi ayollar o‘rtasidagi Jahon chempionatini birgalikda o‘tkazishga da’vogarlik qilmoqda. Musobaqa mezboni bo‘yicha yakuniy qaror FIFAning noyabr oyidagi kongressida qabul qilinadi.