Oʻzbekiston – Kolumbiya oʻyinidan keyin turli fikr va mulohazalar bildirilmoqda. Jumladan, Lotin Amerikasida ham oʻziga xos taassurotlar shakllanmoqda.
Kolumbiyaning «Win Sports» va «Telemundo analyst» televideniyesining telejurnalisti Daniel Angulo Rugeles ham ushbu oʻyin arafasida va oʻyindan keyin bir nechta koʻrsatuvlar tayyorladi.
Kuni kecha Tribuna.uz jurnalisti Daniel Angulo Rugeles bilan bogʻlandi va hozirda barcha uchun dolzarb mavzu boʻlib turgan masalalarda suhbatlashdi.
- Oʻzbekiston – Kolumbiya milliy jamoalari oʻrtasidagi oʻyin sizda qanday taassurotlarni qoldirdi?
- Menimcha, Kolumbiya birinchi boʻlimda juda yaxshi oʻyin koʻrsatdi. Toʻpni oʻzida ajoyib nazorat qilindi va Kolumbiyaning sifati hamda toʻpni oʻzida saqlab turish qobiliyati orqali raqibni charchatdi. Lekin tanaffusdan keyin Oʻzbekiston muhim daqiqalarda gol urdi. Kolumbiya esa ikkinchi boʻlimda passiv boʻlib qoldi. Nazariyimda, Oʻzbekiston milliy jamoasi tanaffusda kerakli taktik oʻzgarishlarni amalga oshirdi. Shu sababli ular ikkinchi boʻlimda xavfliroq koʻrinishdi. Biroq Kolumbiya oʻyinning qiyin paytlarida reaktsiya berish uchun chidamlilik koʻrsatdi va uchrashuv oxirida uchinchi golni urib nuqta qoʻydi. Menimcha, Oʻzbekiston noqulay raqib ekanligini isbotladi va hisobni tenglashtirish uchun imkoniyatlarga ega boʻldi. Ammo Kolumbiya darvozasi oldidagi samaradorligi oxir-oqibat oʻyindagi hal qiluvchi farq boʻldi.
- Shu oʻrinda Oʻzbekiston milliy jamoasi koʻrsatgan oʻyin borasida nima deya olasiz?
- Oʻzbekiston menda jahon chempionati tajribasining yoʻqligi va oʻta himoyaviy yondashuvini qoʻllagani uchun ogʻir badal toʻlagan jamoa taassurotini qoldirdi. Kolumbiya bilan taqqoslaganda jangovar yondashuvga tayyor emasdi. Lekin jamoangiz koʻproq jasorat koʻrsatdi. Chunki ular Kolumbiyaning oʻyinida passiv boʻlganini his qilishdi va aynan oʻshanda yanada tajovuzkor hujum qila boshladilar.
- Koʻrinib turibdiki, Luis Diaz Kolumbiyaning asosiy «quroli»ga aylangan. U ushbu uchrashuvda koʻplab muammolarni tugʻdirdi. Kolumbiyani Diazsiz tasavvur qila olasizmi?
- Kolumbiyani Luis Diazsiz tasavvur qila olmayman. U bizning asosiy «qurolimiz». Usiz oʻynash Kolumbiyani yaxshi darajada raqobatlashi uchun ikki barobar kuch sarflashga majbur qiladi. Chunki Luis Diazni oʻzi Kolumbiyani turlicha isteʼdod va karomatlari bilan toʻldiradi. Uning oʻzi juda yaxshi imkoniyatlarni yarata oladi. U bizning eng yaxshi oʻyinchimiz. Diaz oʻzi bilan birga oʻynaydigan futbolchilarga ham, raqiblarga ham taʼsir koʻrsata oladi. Shuning uchun hozir Luis Diazsiz oʻynashni tasavvur qilishning imkoni yoʻq.
- Mazkur bahsda siz uchun Oʻzbekiston milliy jamoasining eng yaxshi futbolchisi kim boʻldi?
- Oʻzbekiston milliy jamoasida koʻpchilik uchun tanish boʻlgan futbolchi shubhasiz Husonov. Biroq, menimcha, hujumdagi eng xavfli futbolchi Eldor Shomurodov. Biz uni saralash bosqichidagi beshta goli va beshta golli uzatmasidan, shuningdek, Oʻzbekiston milliy jamoasidagi faoliyati davomida 40 dan ortiq, agar adashmasam 44 gol urgani bilamiz.
Shunday boʻlsa-da, jahon chempionatida eng muhimi individual isteʼdod emas, balki jamoaviy oʻyin. Hech boʻlmaganda Kolumbiyaga qarshi debyut oʻyinida Oʻzbekiston jamoaviy birlik sifatida hali ham yaxshilanish uchun katta imkoniyatlarga ega ekanligini koʻrsatdi. Ular jamoaning turli chiziqlarini bogʻlashda qiynalishdi va hujum uyushtirish paytida yarim himoyachilar va himoyachilardan uzilish koʻrindi. Toʻpni havodan uzatmalarga koʻp tayanishdi. Menimcha, Oʻzbekiston Meksikadagi balandlik sharoitlari tufayli bu holatga unchalik moslasha olmadilar. Oxir-oqibat, bu oʻyinchilarining umumiy oʻyiniga salbiy taʼsir koʻrsatdi. Jamoada yaxshilanishi kerak boʻlgan narsalar koʻp. Nazariyimda, Portugaliyaga qarshi uchrashuvda yaxshiroq oʻynay oladilar.
- Portugaliya Kongo bilan durang oʻynadi. Bu kutilmagan natija boʻldi, shundaymi?
- Dastlab ha, bu kutilmagan holat edi. Ayniqsa, bu jahon chempionatida allaqachon bunday natijalar koʻrsatilmoqda. Ulardan biri Ispaniya va uning durang oʻyini kabi boshqa kutilmagan natijalar ham boʻlmoqda. Biroq Kongo DR jamoasiga chuqurroq nazar tashlasangiz, natijani tushunish osonlashadi. Bu jamoada Angliya premer-ligasida tajribaga ega koʻplab futbolchilar, shu bilan birga, Yevropa muhitida rivojlangan bir nechta oʻyinchilar bor. Baʼzilari Fransiya yoki Belgiya da tugʻilgan, hatto bir nechtasi yoki ulardan biri Angliya da tavallud topgan. Xalqaro miqyosidagi taʼsir ularning jismoniy xususiyatlari bilan birlashtirilgan. Chunki bu juda yaxshi jismoniy kuchga ega boʻlgan jamoa. Shunday ekan, bu ularning Portugaliyaga qarshi qanchalik yaxshi oʻynaganidan hayratlanmasligimiz kerakligini anglatadi. Kolumbiya Kongo DR jamoasiga qarshi oʻyinda favorit. Biroq bu qiyin oʻyin boʻladi.
- Oʻzbekistonning Portugaliyaga qarshi oʻtadigan navbatdagi oʻyinini qanday tasavvur qilyapsiz?
- Doʻstim, shuni hurmat bilan aytaman-ki, avvalo Oʻzbekistonga minnatdorchilik bildiramiz. Kolumbiyada biz Oʻzbekistonning Portugaliyaga qarshi oʻyinda sodir boʻlishi mumkin boʻlgan voqealarga juda mos keladigan iborani ishlatamiz. Portugaliya motivatsiyaga toʻlib oʻynaydi. Chunki, agar ular oxirgi oʻyinga Kolumbiya bilan guruhda birinchi oʻrin uchun kurashish imkoniyatiga ega boʻlsalar, gʻalaba muhimligini bilishadi. Nima boʻlishidan qatʼiy nazar oʻzbeklarda oʻsish boʻldi, ular mundialdagi debyut oʻyinini oʻtkazdi. Dastlabki bosimga duch keldinglar. Sahna qoʻrquvini yengib oʻtdingiz va bu darajadagi oʻyinda raqobatlasha olishingizni koʻrsatdinglar. Shunday boʻlsa-da, agar siz ijobiy natijaga erishish uchun real imkoniyatga ega boʻlishni istasangiz, Portugaliyaga qarshi tajovuzkor va hujumkor yondashuvni qoʻllash kerak, deb oʻylayman.