"Kolo-Kolo" Vozinyani o'z futbolchisi sifatida tanishtirdi.
"Monumental" stadionida 35 mingdan ortiq muxlis yig'ildi. Chili klubi mashhur mahalliy musiqachilar chiqishlari va pirotexnik shouni o'z ichiga olgan katta marosim tayyorladi. Shuningdek, maydonga "Kolo-Kolo" tarixidagi eng muhim sovrinlar ham qo'yildi.
"Bu shunchaki aql bovar qilmas voqea bo'ldi. Juda baxtliman va Chiling eng buyuk klubi tomonidan ko'rsatilayotgan mehr va qo'llab-quvvatlash uchun chin qalbimdan minnatdorchilik bildiraman. Olg'a, "Kolo-Kolo"!
Bunday tayyorgarlikni umuman kutmagandim. Juda-juda baxtliman. Bu yerda o'ynash imkoniyatidan mamnunman. Barchaga katta rahmat", — dedi Kabo-Verde milliy jamoasi darvozaboni stadionda.
Shundan so'ng paraplanda uchgan inson maydonga tushib keldi va Vozinyaga klubning 29-raqamli libosini topshirdi.
40 yoshli Vozinya bungacha klubsiz edi. O'tgan mavsumda u Portugaliyaning ikkinchi divizionida o'ynaydigan "Shavesh" jamoasi safida harakat qilgan.
Eslatib o'tamiz, Kabo-Verde milliy jamoasi posboni 2026 yilgi Jahon chempionati davomida yulduzga aylandi. Hozir uning Instagram sahifasida 29,5 million obunachi bor, turnirdagi birinchi o'yin oldidan esa obunachilari 50 mingdan ham kam edi.

Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi