«Liverpul»ning sobiq himoyachisi Jeymi Karrager soliq idorasi — HMRC oldidagi qarzdorligini to‘liq qopladi. Bu haqda Liverpool.com xabar berdi.
13-oktyabr, seshanba kuni sudya Nikolas Briggs 48 yoshli sobiq futbolchini bankrot deb topish haqidagi arizani rad etdi. Bunga soliq xizmati vakilining qarz to‘liq to‘langani haqidagi tasdig‘i sabab bo‘ldi. Sudda qarzning aniq miqdori oshkor etilmadi.
Bankrotlik to‘g‘risidagi ariza avgust oyida berilgan edi. Avvalroq Karragerning qarzi taxminan 750 ming funt sterlingni, ya’ni qariyb bir million dollarni tashkil etishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi.
«Bu shaxsiy masala bo‘lib, uni avvalroq hal qilish kerak edi. Bugun qarzdorlikni qoplash uchun zarur choralar ko‘rilmoqda», — dedi Karrager vakili.
Ma’lumot uchun, Karrager professional faoliyatining barchasini «Liverpul»da o‘tkazib, klub safida jami 737 ta bahsda maydonga tushgan.
Eslatib o‘tamiz, faoliyatini yakunlagan sobiq himoyachi hozirda Sky Sports va CBS telekanallarida futbol eksperti sifatida ishlamoqda.