Afrika futbolida tarixiy voqea yuz berdi — Kabo-Verde terma jamoasi ilk bor Jahon chempionatiga yo‘llanma oldi. Bu kichik orol davlati 2026-yilgi mundialga yo‘l olgan 22-jamoa sifatida futbol tarixida o‘z nomini qoldirdi. Aholisi atigi yarim milliondan oshgan mamlakat ilgari hech qachon bunday yirik turnirda qatnashmagan edi.
Kabo-Verde JCh-2026 saralash bosqichida kuchli Kamerunni ortda qoldirdi. Afrika mintaqasida guruh g‘oliblari to‘g‘ridan to‘g‘ri jahon chempionatiga chiqadi va Kabo-Verde o‘z guruhida birinchi o‘rinni egalladi. Ular Liviya, Angola, Mavrikiy, Esvatini va Kamerun bilan raqobatda to‘rt ochkolik ustunlik bilan g‘alaba qozondi. Eng muhim o‘yin 8-turda bo‘lib o‘tdi. Kabo-Verde Kamerunni 1:0 hisobida mag‘lub etdi va deyarli yo‘llanmani kafolatlab oldi. So‘nggi turda esa Esvatini ustidan 3:0 hisobida g‘alaba qozonib, tarixiy natijani mustahkamladi.
Jamoaning g‘alabali gollarini Dailon Livramento, Villi Semedu va 37 yoshli himoyachi Stopira urishdi. Futbolchilar o‘z maydonida, atigi 15 ming tomoshabinga mo‘ljallangan stadionda, tarixiy kechani nishonlashdi.
Aytib o‘tish kerakki, Kabo-Verde terma jamoasining asosiy qismini Yevropa klublarida to‘p surayotgan futbolchilar tashkil etadi. Ular Portugaliya, Kipr, Irlandiya, Vengriya, Finlyandiya, Isroil, hatto AQSh va Saudiya Arabistonida o‘ynashadi. Eng taniqli futbolchi — 35 yoshli vinger Rayan Mendesh bo‘lib, u milliy jamoa tarixida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan va eng ko‘p gol urgan futbolchi hisoblanadi. Shuningdek, sobiq «Benfika» darvozaboni Brunu Varela va uzoq yillar Vengriyada o‘ynagan himoyachi Stopira ham jamoaning tayanch futbolchilari sanaladi.
Ma’lumot uchun, Kabo-Verde 1975-yilda mustaqillikka erishgan va 1982-yilda futbol federatsiyasini tashkil etgan. Ular jahon chempionatiga ilk bor 2000-yilda saralashda qatnashgan. 25 yildan so‘ng, bu orzular nihoyat haqiqatga aylandi. Kabo-Verde ilk bor Jahon chempionatida ishtirok etadi. Bu kichik orol davlati uchun futbol tarixidagi eng yorqin sahifa bo‘ldi.