«Chelsi» hujumchisi Joao Pedro faoliyatini «Arsenal»da davom ettirishi mumkinligi haqidagi taxminlar paydo bo‘ldi. Bu fikrni futbolchining «Uotford»dagi sobiq jamoadoshi Keynan Devis bildirgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, braziliyalik hujumchi o‘z darajasi bilan yanada yuqori bosqichga chiqishga qodir.
«Mashg‘ulotlarda ham uning qanday darajada ekanini ko‘rasiz. U braziliyalik, shuning uchun unda o‘ziga xos texnika va o‘ziga ishonch bor. U juda yaxshi futbolchi va yaxshi inson ham. Agar u katta qadam tashlash uchun boshqa klubga o‘tsa, bunga hayron bo‘lmayman. Hatto «Arsenal»ga o‘tsa ham ajablanmayman», — dedi Devis.
Ta’kidlanishicha, «Chelsi» bosh murabbiyi Liam Rosenior qo‘l ostida Joao Pedro juda samarali o‘yin namoyish etmoqda. 24 yoshli futbolchi murabbiy kelganidan beri 15 bahsda 11 gol urdi.
Ushbu davrda hujumchi «Aston Villa»ga qarshi bahsda xet-trik qayd etdi hamda Angliya Kubogida «Reksxem»ga qarshi o‘yinda ham gol muallifi bo‘ldi.
Avvalroq «Chelsi» muxlislari sevimlisiga aylangan futbolchining «Arsenal»ga o‘tishi Kay Havertsning Londonning ko‘k klubidan qizil klubiga o‘tgan transferini eslatishi mumkinligi ham aytilmoqda.