O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov 3–13-sentabr kunlari Hindistonning Bengaluru shahrida o‘tkaziladigan Tech Mahindra Global Chess League’ning to‘rtinchi mavsumida ishtirok etadi. Musobaqada Magnus Karlsen, Vishvanatan Anand, Alireza Firuzja, Yan Nepomnyashchiy, Maksim Vashye-Lagrav kabi jahon shaxmatining yetakchilari ham qatnashadi. U uchun musobaqa Samarqanddagi Shaxmat Olimpiadasi va jahon chempionligi uchun Gukeshga qarshi bahs oldidan muhim tayyorgarlik bosqichi bo‘ladi.
Sindarov FYERS American Gambits jamoasi sharafini himoya qiladi. O‘zbekistonlik shaxmatchi Global Chess League tarixida ilk bor jamoaning eng asosiy taxtasi — Icon board’da o‘ynaydi. U avvalgi uch mavsumda UpGrad Mumba Masters, Triveni Continental Kings va Ganges Grandmasters tarkibida ishtirok etgan.
20 yoshli grossmeyster uchun Bengalurudagi musobaqa oddiy turnirlardan biri emas. Sindarov sentyabr oyida Samarqandda o‘tkaziladigan Shaxmat Olimpiadasida O‘zbekiston milliy jamoasi tarkibida ishtirok etadi. Keyin esa amaldagi jahon chempioni Dommaraju Gukeshga qarshi jahon chempionligi unvoni uchun bahsda ishtirok etadi.
Shu jihatdan Sindarovning musobaqalarda muntazam qatnashib, dunyoning eng kuchli shaxmatchilariga qarshi o‘ynayotgani alohida ahamiyatga ega. Gukesh esa jahon chempionligi bahsiga tayyorgarlik davrida Global Chess League va Grand Chess Tour musobaqalarida ishtirok etmaslikni ma’qul ko‘rgan.
Sindarov bu ikki xil yondashuvni The Indian Express nashriga bergan intervyusida izohladi:
“Men faqat shu yil top-shaxmatchiga aylandim. Reytingim 2700 dan yuqori bo‘lgan, ammo bu hali top-shaxmatchi bo‘lish bilan bir xil emas. Gukesh esa uch yildan ortiq vaqtdan beri jahonning kuchli o‘ntaligida. Shuning uchun uning eng kuchli shaxmatchilarga qarshi o‘ynash tajribasi mening tajribamdan ancha ko‘p”, — dedi Sindarov.
O‘zbekistonlik shaxmatchi shu sababli yuqori darajadagi musobaqalarda o‘ynash uchun har bir imkoniyatdan foydalanishga harakat qilayotganini aytdi.
“Top-shaxmatchilarga qarshi o‘ynash menga yoqadi. Jahon chempionligi uchun bahs oldidan yuqori darajadagi turnirlarda o‘zimni yanada erkin his qilishni xohlayman. Shuning uchun ham shunchalik ko‘p o‘ynayapman”, — dedi u.
Sindarovning so‘nggi oylardagi taqvimi ham bu yondashuvni tasdiqlaydi. U Goa, Mumbay, Doha, Veyk-an-Zeye, Kipr, Varshava, Buxarest, Hongkong, Sharlott, Mayami va Sent-Luisda musobaqalarda ishtirok etdi. Endi navbat Bengaluruga.
Global Chess League qanday o‘tkaziladi?
Global Chess League — FIDE va Hindistonning Tech Mahindra kompaniyasi hamkorligida o‘tkaziladigan franshizali shaxmat ligasi. Musobaqaning boshqa turnirlardan asosiy farqi shundaki, unda shaxmatchilar individual emas, klublar tarkibida jamoaviy bahs olib boradi.
Bu yil musobaqada oltita franshiza ishtirok etadi. Har bir jamoa olti nafar shaxmatchidan iborat:
- bitta Icon — jamoa yetakchisi;
- ikki nafar Superstar Men;
- ikki nafar Superstar Women;
- bir nafar Prodigy — yosh shaxmatchi.
Erkaklar va ayollar bitta jamoa tarkibida o‘ynaydi. Bir jamoaviy uchrashuvda oltita partiya bir vaqtning o‘zida o‘tkaziladi.
Liganing yana bir o‘ziga xos jihati — ochkolar tizimi. Qora donalar bilan g‘alaba jamoaga 4 ochko, oq donalar bilan g‘alaba 3 ochko beradi. Durang uchun esa har ikki shaxmatchiga 1 ochkodan beriladi.
Jamoaviy bahsda olti taxta bo‘yicha ko‘proq ochko to‘plagan klub 3 jamoaviy ochko oladi. Hisob teng bo‘lsa, har ikki jamoaga 1 ochkodan yoziladi.
Har bir partiya uchun 20 daqiqa vaqt beriladi. 40-yurishdan keyin har bir yurish uchun 2 soniyadan qo‘shib boriladi. Shuning uchun GCLda shaxmatchilardan nafaqat o‘z partiyasi, balki butun jamoaviy bahsdagi vaziyatni hisobga olish talab etiladi.
Sindarov ham formatning o‘ziga xosligini ta’kidlagan.
“Jamoaviy turnirlarda qachon tavakkal qilish, qachon esa xotirjamroq o‘ynash kerakligini tushunasan. Ammo GCL mutlaqo boshqacha turnir. Bu yerda oltita taxta, boshqacha vaqt nazorati va mutlaqo o‘zgacha ochkolar tizimi bor”, — dedi u.
Sindarovning jamoasi
FYERS American Gambits tarkibida Sindarovdan tashqari Daniil Dubov, Nihal Sarin, Bibisora Asaubayeva, Sarasadat Hodem va Mark-Andria Morissi ishtirok etadi. Jamoaga Shrinat Narayanan murabbiylik qiladi.
Sindarovning Icon maqomiga ko‘tarilishi uning so‘nggi bir yildagi o‘sishini ham ko‘rsatadi. U o‘tgan mavsumda Ganges Grandmasters tarkibida Superstar taxtasida o‘ylab, liganing eng sermahsul shaxmatchilaridan biri bo‘lgan. 24 ochko jamg‘argan Sindarov yettita g‘alabaga erishgan.
Endi esa uning oldida yanada katta vazifa turibdi — jamoaning birinchi taxtasida dunyoning eng kuchli shaxmatchilariga qarshi bahs olib borish.
Karlsen, Anand va Firuzja ham Bengaluruda
Global Chess League’ning to‘rtinchi mavsumi jahon shaxmatining katta yulduzlarini bir joyga to‘playdi.
Magnus Karlsen Alpine APL Pipers jamoasini boshqaradi. U bilan birga Anish Giri, Vidit Gudjrati, Hampi Koneru, Divya Deshmuh va Volodar Murzin o‘ynaydi. Karlsen GCLda bir mavsumlik tanaffusdan keyin ishtirok etmoqda.
Triveni Continental Kings jamoasining Icon’i Alireza Firuzja bo‘ladi. Uning sheriklari orasida Vey I, Aravind Chidambaram, Ju Jiner, Aleksandra Kostenyuk va Pranav Venkatesh bor.
Ganges Grandmasters’da birinchi taxta Yan Nepomnyashchiyga ishonib topshirilgan. Levon Aronyan, Leynyer Dominges, Polina Shuvalova, Stavrula Solakidu va Leon Mendonka ham jamoa tarkibida.
PBG Alaskan Knights’ni esa besh karra jahon chempioni Vishvanatan Anand boshqaradi. Arjun Erigaysi, Yag‘iz Kaan Erdo‘g‘mush, Yekaterina Lagno, Nino Basiashvili va Abximanyu Mishra ham ushbu jamoa safida.
UpGrad Mumba Masters jamoasining yetakchisi Maksim Vashiye-Lagrav. U Shahriyor Mamedyorov, Vladimir Fedoseyev, Karissa Ip, Xarika Dronavalli va Bardiya Daneshvar bilan birga o‘ynaydi.
Sindarov uchun eng qiziqarli qarama-qarshiliklardan biri Karlsenga qarshi bahslar bo‘lishi mumkin. American Gambits va Alpine APL Pipers o‘rtasidagi uchrashuvlar 7- va 11-sentyabr kunlari o‘tkaziladi.
O‘zbekistonlik grossmeysterning Vishvanatan Anand va Alireza Firuzdjaga qarshi ham ikki martadan o‘ynash imkoniyati bor.
Jahon chempionligi oldidan muhim bosqich
Sindarovning Global Chess League’dagi ishtiroki jahon chempionligi uchun bahsga tayyorgarlik nuqtai nazaridan ham qiziq. Uning raqibi Gukesh so‘nggi ikki yilda jahon shaxmatining eng yuqori darajasida muntazam o‘ylab kelayotgan bo‘lsa, Sindarov o‘zini shu muhitga tezroq moslashtirish yo‘lini tanlagan.
“Men u bilan ko‘p o‘ynaganman va uning nihoyatda kuchli o‘ynay olishini bilaman. Agar u 2024-yildagidek eng yaxshi formasida bo‘lsa, bahsda istalgan natija qayd etilishi mumkin. Shuning uchun men aynan uning eng yaxshi holatiga qarshi o‘ynashga tayyorgarlik ko‘ryapman”, — dedi Sindarov.
Bengalurudan keyin uni O‘zbekistonda yana bir muhim musobaqa kutadi. Samarqanddagi Shaxmat Olimpiadasida Sindarov mamlakat sharafini himoya qiladi. Shundan so‘ng esa uning faoliyatidagi eng katta sinov — jahon chempioni Gukeshga qarshi bahs boshlanadi.
Shuning uchun Global Chess League Sindarov uchun navbatdagi sovrin uchun kurashdan ko‘ra ko‘proq narsani anglatadi. Bu — jahon shaxmatining eng kuchli vakillari bilan yana bir bor kuch sinash, yuqori bosim ostida o‘ynash va jahon chempionligi bahsi oldidan o‘zini sinab ko‘rish imkoniyati.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi