Granit Jaka va Breel Embolo koronavirusga qarshi emlanish haqidagi soxta sertifikatlar bilan bog‘liq mojaro ortidan Shveytsariya milliy jamoasiga qaytishadi.
Avvalroq futbolchilar COVID-19 pandemiyasi davrida emlanganlik haqida soxta sertifikatlar olganini tan olishgandi. Tergov jarayonida har ikki futbolchi sentyabr va oktyabr oylaridagi o‘yinlar uchun milliy jamoa tarkibidan chetlatilgandi.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, Jakaga ikki yillik sinov muddati bilan 150 000 Shveytsariya franki miqdorida shartli jarima jazosi tayinlangan. Embolo esa 60 000 frank miqdorida shartli jarima olgan.
Shveytsariya futbol assotsiatsiyasi bayonotida quyidagilar yozilgan:
«Shveytsariya futbol assotsiatsiyasi Granit Jaka va Breel Emboloni noyabr oyidagi Millatlar ligasi o‘yinlaridan boshlab milliy jamoaga chaqirish masalasini ko‘rib chiqadi. Assotsiatsiya Markaziy ijroiya kengashi koronavirusga qarshi emlanish haqidagi soxta sertifikatlarni olish bilan bog‘liq yakunlangan huquqiy jarayonlarni atroflicha o‘rganib chiqqach, shunday qarorga keldi.
SFV har ikki ishni sinchkovlik bilan ko‘rib chiqdi va huquqiy jarayonlar yakunlangani, shuningdek, futbolchilar sentyabr va oktyabr oylarida milliy jamoaning to‘rtta o‘yinini o‘tkazib yuborganini hisobga olgan holda, ularning jamoaga qaytishi asosli degan xulosaga keldi.
Shu bilan birga, assotsiatsiya milliy jamoa a’zolari zimmasida alohida mas’uliyat borligini ta’kidlaydi».
Jaka va Embolo noyabr oyidan Shveytsariya milliy jamoasiga qaytishadi
Futbol
28 oktabr, 09:49
Futbolchilar kovid davrida soxta sertifikat olgani bilan bog‘liq mojaro sabab avvalgi o‘yinlarni o‘tkazib yuborgan.
Foto: Getty Images