Navoiylik «Qizilqum» klubi kecha Andijonda mezbonlarga qarshi oʻyinda yagona gol evaziga juda muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Mehmonlar safida maydonga tushgan jamoa sardori Islom Kenjaboyev ham oʻz jamoasining g‘alabasiga munosib hissa qo‘shdi. Futbolchi ushbu g‘alaba borasida bir qator savollarga javob berdi.
- «Qizilqum»ning safarda «Andijon»ga qarshi uchrashuvida bevosita maydonda harakat qilgan futbolchisi sifatida nimalarni aytgan boʻlardingiz?
- Oʻzingiz ham koʻrdingiz, juda qiyin boʻldi. «Andijon» jamoasiga qarshi tayyorgarlik koʻrish uchun ham deyarli vaqtimiz boʻlmadi. Yoʻlda boʻldik, Navoiydan Andijonga borish ham uzoq. Stadion ichida va bunday muxlislar qarshisida oʻynash har doim raqib jamoa uchun qiyin boʻladi. Aslida har safar «Andijon»ga qarshi oʻynash juda og‘ir. Shunga qaramay, murabbiyning bergan koʻrsatmalariga asoslanib oʻynadik. Birinchi taymda gol urib, keyin oʻyin davomida asosan hisobni ushlab qolishga harakat qildik.
- Uchrashuvning mana shunday ssenariy asosida kechishini tasavvur qilganmidingiz yoki siz uchun kutilmagan holat boʻldimi?
- Aynan men uchun kutilmagan holatlar boʻlgani yoʻq. Futbolchilarning tayyorgarligi, «nastroyi» va kayfiyati faqat g‘alaba bilan qaytish edi. Men va jamoadoshlarim uchun ham bu yangilik boʻlmadi. Maydonga katta ishtiyoq bilan tushdik. Futbolda asosiysi ishtiyoq. Futbolga qanday muhabbat qoʻysangiz, futbol ham sizga shunday javob qaytaradi. Biz faqat uch ochko olish uchun borgandik. Yakunda oʻz maqsadimizga erishdik. Turnir jadvalida ham yonma-yon ketayotgandik. Oxirgi oʻyindek maydonga tushdik-da. Qolgan 6 ta oʻyinning barchasida ham xuddi soʻnggi uchrashuvga chiqayotgandek maydonga tushamiz. Boshqa ilojimiz ham yoʻq. Agar oʻzimiz xohlagan 5-oʻrinni istasak, bundan keyin ham yanada qattiq harakat qilamiz.
- Jamoa sardori sifatida sizga yanada koʻproq mas’uliyat yuklanadi. Bunda siz qoʻshimcha bosimni his qilmayapsizmi?
- Sardorlikning ham oʻziga yarasha mas’uliyatlari boʻladi. Oldin yoshroq boʻlganman va oʻsha paytda yaxshiroq oʻynab, jamoadoshlarimga yordam berishni istardim. Hozir jamoadoshlaringizning oʻyini chiqmayotgan paytda ularni «uyg‘otish», dalda berib, qo‘llab-quvvatlash kerak. Qiyin vaziyatlardan olib chiqib ketishda jamoa sardorining ham hissasi boʻladi-da. Har xil soʻzlar bilan «uyg‘otish» mumkin, birinchi taymdan keyin kiyinish xonasida gaplashasiz. Sardorlikning oʻziga yarasha mas’uliyatlari bor. Buning ustiga, mahalliy futbolchiman. Yutqazib qoʻysak, Navoiyda baribir sizdan soʻrashadi-da.
- Hozirgacha 15 ta oʻyinda hisobingizda 1 ta gol bor. Oldinlari esa gollaringiz nisbatan koʻproq va individual harakatlaringizni ham koʻproq kuzatardik. Gollaringiz kamligi jamoaviy oʻyinga urg‘u berayotganingizdan dalolatmi?
- Aprelda taqvim zich boʻlgandi. Oʻshanda jarohat ola boshladim. Shundan keyin yana shoshilib chiqib oʻynadim va toʻrt marta jarohat oldim. Toʻg‘ri aytyapsiz, koʻproq jamoaviy oʻyinga moslashganman. Yana bir-ikkita uchrashuvdan soʻng toʻliq 100 foiz sport formasiga kirib olib, yana oldingidek muxlislarni xursand qiladigan Kenjaboyevni koʻrasizlar. Shu yil hisobidan toʻliq uchta oʻyin oʻynadim. Ha, aprelda ham toʻliq oʻynaganman, baribir bu men uchun juda kam-da. Oʻzimni koʻrsata olmaganimga, oʻynay olmaganimga asosan jarohat xalaqit berdi. Hozir ham kichik og‘riqlar bilan maydonga tushdim. Lekin asosiysi, oʻtib ketgan.
- Keyingi turda «Lokomotiv» bilan oʻynaysizlar. Safarda qo‘lga kiritilgan g‘alaba «Qizilqum» jamoasiga navbatdagi bahslar oldidan ruhlanish ma’nosida qanday motivatsiya beradi, deb oʻylaysiz?
- Biz uchun motivatsiya bitta: oldimizga qoʻyilgan maqsad — kuchli beshtalikdan joy olish. Yoʻlimizdan qanday raqib chiqmasin, kurashamiz. Hozir hamma futbol oʻynashni biladi. Pro liga yoki Birinchi liga jamoalari bilan oʻynasangiz ham, ular kutilmaganda g‘alaba qozonib qoʻyishi mumkin. «Lokomotiv» ham bizga oʻxshagan jamoa, g‘alaba uchun harakat qilamiz. Buning ustiga, oʻz uyimizda oʻynaymiz. G‘alaba qozonish va yuqori oʻrinlarni egallash uchun bor kuchimiz bilan kurashamiz.
Islom Kenjaboyev: «Futbolga qanday muhabbat qo‘ysangiz, futbol ham sizga shunday javob qaytaradi»
Eksklyuziv
18 oktabr, 04:38
Futbolchi ushbu g‘alaba borasida bir qator savollarga javob berdi.
Фото: Қизилқум ПФК