Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) prezidenti Janni Infantino Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA)da ishlagan davrida sobiq sevgilisiga tovon puli toʻlanishini taʼminlagan. Bu haqda The Telegraph xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, ayol tashkilotning maʼmuriy tizimida ishlagan. Ular oʻrtasida munosabatlar boshlanganidan soʻng u rahbarlik lavozimiga koʻtarilgan va uning maoshi 30 foizga oshib, 160 ming Shveytsariya frankiga yetgan.
UEFA sobiq rahbari Mishel Platini Infantinoning tashkilot xodimasi bilan ehtimoliy munosabatlari atrofidagi vaziyatdan norozi boʻlgan. Natijada ayolning assotsiatsiyadagi faoliyatini toʻxtatish va unga tovon puli toʻlashga qaror qilingan.
FIFAning amaldagi prezidentining sobiq hamkasblari taʼkidlashicha, toʻlangan summa kamida «6 xonali» raqam boʻlgan. Bundan tashqari, tashkilot ayolning har yili 45 ming funt sterling turadigan MBA dasturida tahsil olish xarajatlarini ham qoplagan.
UEFA ushbu toʻlov amalga oshirilganini tasdiqladi va xodimaning Infantino bilan ishqiy munosabatlari haqidagi mish-mishlardan xabardor boʻlganini bildirdi. Federatsiyada zamonaviy nufuzli tashkilot standartlariga mos kelish uchun ichki qoidalar «kuchaytirilgani» taʼkidlandi.
Maʼlumot oʻrnida, Infantino UEFAda 2000 yil avgust oyidan 2016 yilga qadar ishlagan. U 2009–2016 yillarda bosh kotib lavozimida faoliyat yuritgan. 2016 yil fevral oyida esa Janni FIFA prezidenti etib saylangan.
Avvalroq Infantino jahon chempionati huquqlarini sotishga rozi boʻlgan mamlakatlarga 40 million dollardan taklif qilgani maʼlum qilingandi.