«Hall Siti» klubi egasi Ajun Ilichali Chempionship pley-off finalida «Midlsbro»ga mag‘lub bo‘lsa, sudga murojaat qilinishini ma’lum qildi.
23-may kuni bo‘lib o‘tadigan final bahsi g‘olibi keyingi mavsum uchun APL yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi.
Avvalroq «Sauthempton» tahlilchisi «Midlsbro» mashg‘ulotlarini yashirin tarzda kuzatib, taktikalarni suratga olgani bilan bog‘liq mojaro yuzaga kelgandi. Ikki o‘yin natijasiga ko‘ra «Sauthempton» yarimfinalda «Midlsbro»ni mag‘lub etib, finalga chiqqan edi.
Keyinchalik Angliya futbol ligasi «Sauthempton»ni finaldan chetlatdi va klubdan keyingi mavsum uchun 4 ochko olib tashlanishini e’lon qildi. Apellyatsiya ham rad etildi. Natijada finalga «Midlsbro» qaytarildi.
«Huquqshunoslarimiz choralar ko‘rishimiz kerakligini aytmoqda. Biz faqat adolatni istaymiz. Agar adolat buzilsa, futbol hech kimga zavq bermaydi.
Agar bu holat shu qadar jiddiy bo‘lsa, nega «Sauthempton»ga yarimfinalni o‘ynashga ruxsat berildi? Nega tergov o‘tkazilib, ularning o‘rniga «Reksem» qo‘yilmadi?
Menimcha, musobaqadan chiqib ketgan jamoani qaytarish — mutlaqo noto‘g‘ri qaror», — dedi Ilichali.
Ma’lumot uchun, «Hall Siti» va «Midlsbro» o‘rtasidagi final bahsi bugun, 23-may kuni bo‘lib o‘tadi.