Live
13
O'zbek

Luisma Ernandes: «O‘zbekiston ishlash va rivojlanish uchun juda yaxshi mamlakat»

Eksklyuziv
6 oktabr, 14:00
Ispaniyalik murabbiy Tribuna.uz nashriga intervyu berdi.
Luisma Ernandes: «O‘zbekiston ishlash va rivojlanish uchun juda yaxshi mamlakat»
Фото: Getty Images

Ispaniyalik tajribali mutaxassis Luisma Ernandes yodingizda bo‘lsa kerak. U o‘z vaqtida Bekobodning «Metallurg» klubida faoliyat ko‘rsatgan. Ayni paytda Ummon chempionatida «Al Nasr» jamoasi bosh murabbiyi sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda. Ispan murabbiyi Tribuna.uz nashriga intervyu berdi.

- Janob Luisma, O‘zbekistondagi faoliyatingizdan so‘ng Litva, Maldiv orollari va hozirda Ummon davlatida ishlayapsiz. Turli futbol madaniyatlarida ishlash murabbiy sifatidagi qarashlaringizni qay darajada o‘zgartirdi?

- Assalomu alaykum va intervyu uchun rahmat. Turli muhitlarda ishlash insonning dunyoqarashini kengaytiradi, shu bilan birga asosiy g‘oyalaringizni saqlab qolish va ularni har bir joyning o‘ziga xos xususiyatlariga moslashtirishga yordam beradi. Hozirga kelib, faoliyatim davomida yettita mamlakatda ishladim. H hanuzgacha muvozanatni saqlash va sharoitga moslashish muhim, degan fikrdaman.

- «Metallurg»da dastlab texnik direktor, keyin esa bosh murabbiy sifatida ishladingiz. Boshqa mamlakatlarda orttirgan tajribangizdan kelib chiqib, agar bugun «Metallurg»ning 2022–2023-yillardagi faoliyatiga nazar tashlasangiz, nimani boshqacha qilgan bo‘lardingiz?

- Juda kam narsani boshqacha qilgan bo‘lardim. «Metallurg»da hamisha yosh futbolchilarni jamoaga jalb qilish va ularga o‘zini ko‘rsatish imkoniyatini berishga e’tibor qaratganman. Chunki, ayniqsa, «Real Madrid» klubi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan akademiyaga ega bo‘lgan jamoalar uchun aynan shu narsa kelajak va mazmun beradi.

Menimcha, bu yerda muvozanat muhim: tajribali futbolchilar bilan yosh iqtidorlarni uyg‘unlashtirish kerak. Ularning yana Pro ligada ekanidan juda xursandman va umid qilamanki, ular Superligaga ko‘tarila oladilar. Men ularni doimo kuzatib boraman va «Metallurg»ga faoliyatida omad tilayman.

- «Metallurg»da legionerlar yoki katta nomga ega futbolchilarga u qadar jiddiy darajada tayanmagan holda jamoa qurishga harakat qildingiz. Bugun ham ushbu yondashuv zamonaviy futbolda samara berishiga ishonasizmi yoki natijaga erishishda individual sifat yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda, deb hisoblaysizmi?

- Biz qariyb ikki yil davomida birorta ham legionersiz ishladik. Keyin esa mahalliy futbolchilar saviyasidan yuqori bo‘lishi kerak, deb hisoblagan ayrim legionerlarni bosqichma-bosqich jamoaga jalb qila boshladik.
2023-yildagi ketishimga sabab bo‘lgan omillardan biri shuki, o‘sha legionerlar mening roziligimsiz tanlangan edi. Rahbariyat esa ularning transferi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishni istamadi. O‘sha davrda qilingan noqulay qarorlar uchun har kim o‘z mas’uliyatini olsin. Men halol bo‘ldim va ketdim. Aslida shundan keyin klub Superligada ishtirok etishni to‘xtatdi. Nima uchunligini so‘rab ko‘ring.

- «O‘yin uslubi» tushunchasi sizning futbol falsafangizda juda muhim. Amaliyotda murabbiy futbolchilarni o‘z futbol g‘oyalariga moslashtirishi kerakmi yoki qo‘lidagi futbolchilarning xususiyatlaridan kelib chiqib, o‘z uslubini moslashtirishi lozimmi?
- Avval aytganimdek, muvozanatni topish kerak. Har bir murabbiyning o‘z o‘yin uslubi bor va ana shu g‘oyalar doirasida u mavjud tarkibni baholab, o‘z uslubini jamoaga moslashtirishi lozim. Agar o‘z uslubingizga mos futbolchilarni transfer qilish imkoniyatiga ega bo‘lsangiz, vaziyat boshqacha bo‘ladi. Masalan, «Manchester Siti»da Gvardiola yoki «PSJ»da Luis Enrike kabi.

- Maldiv orollarida «Maziya» bilan bir mavsumda uchta sovrin — chempionlik, Kubok va Superkubokni qo‘lga kiritdingiz. Ushbu muvaffaqiyatga erishishda jamoani boshqarish, futbolchilar bilan munosabatlar va jamoa ichidagi muhit taktik g‘oyalar bilan solishtirganda qanchalik muhim ahamiyat kasb etdi?

- Maldiv orollarida biz yaxshi jamoa va ajoyib insonlardan iborat katta guruhga ega edik. Juda talabchan va og‘ir mehnat qildik. Bir mavsum davomida mag‘lubiyatga uchramadik. Tarixiy ko‘rsatkichlar qayd etilgan holda uchta sovrinni qo‘lga kiritdik. Afsuski, OFK musobaqalari saralash bosqichida Quvaytning «Al-Arabi» jamoasiga qarshi bahsga yaxshiroq tayyorlana olmadik va guruh bosqichidayoq musobaqani tark etdik.

- Maldiv futbolida siz nafaqat natijaga, balki mahalliy yosh futbolchilarni rivojlantirishga ham e’tibor qaratdingiz. Yevropalik murabbiy sifatida boshqa futbol madaniyatida ishlaganda mahalliy iqtidorlarni rivojlantirishda eng katta qiyinchilik nimada?

- Biz legionerlar tarkibida o‘zgarishlar qildik va bir qator yaxshi yosh futbolchilarni ham jamoaga jalb etdik. Ularning ayrimlari hozirning o‘zidayoq milliy jamoa tarkibida — bunga eng yaqqol misol. U 16–17 yoshlarida mening qo‘l ostimda chempionatdagi debyutini o‘tkazgan va hozir ham rivojlanishda davom etmoqda.

Bu — infratuzilma borasida ko‘plab cheklovlarga ega bo‘lgan mamlakat va orollar majmuasi. Bu esa futbolchilarning yanada yaxshiroq rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. Juda talabchan davr bo‘ldi. Shunga qaramay, bu yerdagi mehnatim va qo‘lga kiritilgan sovrinlar haqida yaxshi xotiralarga egaman. Rahmat, Maldiv orollari. Rahmat, «Maziya» SK.

- Hozirda Ummon davlatida faoliyat olib boryapsiz. «Al Nasr» bilan dastlabki uchta uchrashuvingizning barchasida g‘alaba qozonib, 9 ochko to‘pladingiz. Yangi jamoada birinchi navbatda nimani o‘zgartirishga harakat qildingiz: taktikani, intizomni, mentalitetni yoki futbolchilar o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni?

- Hozir Ummonda mendan oldin yana bir yaxshi ispaniyalik murabbiy ishlagan. U o‘tgan mavsumni yaxshi yakunlab, jamoa bilan yaxshi ish olib borgan va uni rivojlantirgan. Uchta uchrashuvdan keyin 9 ochko bilan chempionat peshqadami bo‘lishimiz biz klubga kelgan paytimizda tasavvur ham qilib bo‘lmaydigan holat edi. Chunki biz mavsumoldi tayyorgarlikni kech boshladik, ayrim futbolchilar esa mashg‘ulotlarga faqat so‘nggi haftadagina qo‘shilishdi.

Boshlanish juda qiyin kechdi. Ammo muxlislar, rahbariyat, futbolchilar va murabbiylar shtabi birgalikda harakat qilib, ajoyib natijaga erishdik. Mavsumoldi tayyorgarlik jarayonida qisqa vaqt ichida ko‘plab jihatlar ustida ishladik: taktika, intizom, mentalitet va o‘zaro ishonch. Hozir ham ushbu yo‘nalishlarning barchasida rivojlanishga harakat qilyapmiz. Klubning ambitsiyasi yuqori va biz chempionatda yuqori o‘rinlar uchun kurashishni istaymiz.

- Siz turli futbol muhitlarida ishlagansiz. Murabbiy sifatida qaysi mamlakat sizdan eng ko‘p moslashuvchanlikni talab qildi: O‘zbekiston, Litva, Maldiv orollari yoki Ummon? Nima uchun?
- Har bir mamlakat o‘ziga xos. Litva Yevropada joylashgan va u yerdagi mentalitetlar ma’lum ma’noda o‘xshash. Qolgan mamlakatlar esa madaniyati va dini jihatidan farq qiladi. Maldiv orollarida samarali ishlash uchun imkoniyatlar va sharoitlar ko‘proq cheklangan. Ummon esa rivojlanish bosqichida. Shu bilan birga, umumiy holatda sport infratuzilmasi va obyektlarini yanada yaxshilash zarur.

O‘zbekiston esa ishlash va rivojlanish uchun juda yaxshi mamlakat. Buni uning xalqaro maydondagi o‘sishi, jumladan, jahon chempionatida ishtirok etishi ham ko‘rsatib turibdi.

- O‘zbekiston futbolidagi voqealarni kuzatib borasizmi? Agar bugun O‘zbekiston Superligasidagi biror klub sizga jamoani noldan shakllantirish imkoniyatini taklif qilsa, o‘zbek futbolida birinchi navbatda qaysi muammoga yechim topishga harakat qilgan bo‘lardingiz?

- Ha, O‘zbekiston futbolidagi voqealarni kuzatib boraman. Men murabbiylik qilgan ko‘plab yosh va tajribali futbolchilar bilan hamon aloqadamiz. Shuni ham unutmangki, rafiqam O‘zbekistondan, ya’ni oilamning bir qismi shu yerdan.

- «Metallurg»dagi faoliyatingizdan keyin O‘zbekiston futbolida qanday o‘zgarishlarni sezdingiz? Qaysi yo‘nalishlarda taraqqiyotni ko‘ryapsiz va qaysi muammolar hali ham yechimini kutayotganini deb hisoblaysiz?

- Avval ham aytganimdek, O‘zbekiston futboli rivojlanishda davom etmoqda. Federatsiyaning yangi qarorgohi jahon darajasidagi inshoot. Menimcha, sifatli akademiyalar, yaxshi infratuzilma va malakali murabbiylarga sarmoya kiritishni davom ettirish kerak. O‘zbekistonni porloq kelajak kutmoqda.

- Faoliyatingiz Ispaniya, Janubiy Koreya, Quvayt, O‘zbekiston, Litva, Maldiv orollari va Ummon kabi geografik jihatdan juda keng hududlarni qamrab olgan. Murabbiy sifatida o‘zingizni muayyan bir futbol maktabiga yaqinroq deb hisoblaysizmi yoki «global murabbiy» tushunchasiga yaqinroqmisiz?

- Ehtimol, shundaydir. Men Ispaniya, «Barselona», «Real Madrid», «Manchester Siti», «Arsenal» va «PSJ» kabi jamoalarning uslubidan, shuningdek, Gvardiola, Luis Enrike va de la Fuente kabi murabbiylardan ta’sirlanganman.

Oxir-oqibat, har bir inson o‘z mohiyati va unga ta’sir qilgan omillar uyg‘unligidan shakllanadi. Muhimi, ushbu ta’sirlarni muayyan sharoitga moslashtira bilish.

- Va nihoyat, ehtimol, eng muhim savol: sizda UEFA Pro litsenziyasi, turli qit’alarda ishlash tajribasi va so‘nggi mavsumlarda erishilgan salmoqli natijalar bor. Faoliyatingizning keyingi bosqichida Luisma Ernandes nimani isbotlamoqchi: yana bir chempionlikni qo‘lga kiritishnimi, yanada kattaroq klubda ishlashnimi yoki o‘z futbol falsafasini yanada yuqori darajada namoyish etishnimi?

- Men doimo rivojlanishga va jamoamning ham jamoaviy, ham individual jihatdan rivojlanishiga hissa qo‘shishga intilaman. Sovrinlarni qo‘lga kiritish, yanada ko‘proq xalqaro loyihalarda ishtirok etish va o‘z hissamni qo‘shishni istayman.

Bugungi yangiliklar