«Barselona» yarim himoyachisi Gavi jamoadagi holatidan tobora ko‘proq norozi bo‘lmoqda. Bu haqda jurnalist Alfredo Martines xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, futbolchi jamoadagi mavqeidan qoniqmayapti va o‘zini ko‘proq o‘ynashga loyiq deb hisoblamoqda. 22 yoshli yarim himoyachi so‘nggi vaqtlarda kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmoqda.
U hatto «Real» va «Alaves»ga qarshi o‘tkazilgan so‘nggi ikki uchrashuvda maydonga tushmadi. Bosh murabbiy Hans-Diter Flik har ikki bahsda ham uni zaxirada qoldirdi.
Avvalroq Gaviga «PSJ» qiziqish bildirayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Transfermarkt portali «Barselona» yarim himoyachisining transfer qiymatini 25 million yevroga baholamoqda. Uning kataloniyaliklar bilan shartnomasi 2030 yilgacha amal qiladi.
Ma’lumot o‘rnida, Gavi bu mavsum barcha musobaqalar doirasida 7 ta uchrashuvda maydonga tushib, jami 194 daqiqa o‘ynadi. Hozircha ispaniyalik futbolchi gol yoki assist qayd etmagan.