Bugun, 10-noyabr kuni amputantlar futboli bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi Meksikada o‘tkaziladigan jahon chempionatida qatnashish uchun yo‘lga chiqdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
13–22-noyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan ushbu nufuzli musobaqada dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan milliy jamoalar chempionlik uchun bahs olib boradi.
Qur’a natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston milliy jamoasi «E» guruhidan joy olgan. Hamyurtlarimiz guruh bosqichida AQSH, Urugvay va Marokash milliy jamoalariga qarshi maydonga tushadi.
Milliy jamoamiz oldida guruh bosqichini muvaffaqiyatli yakunlab, musobaqaning keyingi bosqichiga yo‘l olish vazifasi turibdi.
Futbolchilarimiz Meksika maydonlarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilish va yuqori natijalarga erishish uchun kurash olib boradi.