O'zbek futbolida oxirgi kunlarning dolzarb muammolaridan biri klublarimizni moliyalashtirish, homiylik masalalari bo'lib turibdi. Jumladan, «Bunyodkor» FK matbuot xizmati stadionda elektr energiyasi va issiq suv yo'qligi, vaziyat anchayin jiddiy ekanligini ma'lum qilgandi.
Kuni kecha davlat tomonidan futbol klublariga ajratilgan pulning ma'lum qismi «qaldirg'ochlar» uyidagi muammolarni bartaraf etishga sarflangani va barchasi yana odatiy rejimda ishlay boshlagani ma'lum bo'ldi.
Mazkur masala yuzasidan tahririyatimizga murojaat kelib tushdi. Unda shunday so'z yuritiladi:
«O'zbekneftgaz» AJ tomonidan futbol klublariga homiylik qilish majburiyatlaridan o'zini ozod qilishi to'g'risidagi qaror O'zbekiston futbol jamiyatidagi bir talay muammolarni yuzaga chiqardi.
«O'zbekneftgaz» raisining «Bunyodkor», «Buxoro» va «Nasaf» klublariga homiylik qilishdan voz kechganini chindan qo'llab-quvvatlayman, agar jamiyat rahbari bu qaroridan qaytib, yana hammasi o'z holicha qolsa, achinarli bo'ladi.
Nega deysizmi? Chunki bu qaror jarrohlik amaliyotiga o'xshab ketadi: ko'richak kesib olib tashlanmasa, baribir bir kun yiringlab, o'ldiradi – bu bir tarafdan. Futbol klublari homiylik “ignasidan” tushmaguncha, klublarni moliyalashtirish muammosi davom etaveradi.
Ikkinchi tarafdan, daraxtni tagidan chopsang, birinchi bo'lib barglari to'kiladi.
Odatiy hol, pul oqimi tugashi bilan klub rahbarlari xarajatlarni qisqartirishni akademiyalardan boshlaydilar, go'yoki 4-5 million oladigan bolalar murabbiyi lavozimini qisqartirsang, klubning moliyaviy ahvoli yaxshilanadigandek. O'sha qisqartiruvchilarning hayoliga shu klubning marketing bo'limida 6-8 kishi o'tirishi va ularning lavozim vazifasi aynan shunday inqirozli vaziyatlardan chiqib ketish siyosatini amalga oshirish ekani haqida fikr kelarmikan?!
Kino-yani chetga surib, masalaning mohiyatiga o'taylik. 2025 yil 3 fevralda «Bunyodkor» FK MChJ Toshkent shahar filiali – bolalar va o'smirlar futbol maktabi yagona ta'sischi qarori bilan tashkil etildi. Bir yil davomida akademiya jamoasi klub va akademiya tarixida ilk bor ham sport, ham moliyaviy yo'nalishlarda katta yutuqlarga erishdi: O'FA va TFA musobaqalarida va nufuzli xalqaro turnirlarda g'alabalarni qo'lga kiritdi, yil natijalari bo'yicha O'FA tomonidan akademiyaga va uning murabbiyiga maxsus sovrinlar berildi, turli yosh toifasidagi O'zbekiston terma jamoalariga o'yinchilar yetkazildi, chet ellardan delegatsiyalar, jumladan OFK vakillari qabul qilindi – bu sport sohasida.

Hozirgi kunda akademiyada Tojikiston, Qozog'iston, Turkmaniston, Qirg'iziston va Xitoydan kelgan tarbiyalanuvchilar bor. Asta-sekin akademiya doni qo'shni davlatlarga chiqmoqda.
Moliya sohasida ham akademiyaning natijalari salmoqli - yil yakuni bo'yicha akademiya daromadi – 8,7 mlrd. so'mni tashkil etgan bo'lsa, 2026 yilning yanvar va fevral oylarida akademiyaga 2,3 mlrd. so'mga yaqin daromad kelib tushgan. Undan tashqari, O'zbekistonda futbol sohasini raqamlash qilish to'g'risidagi davlat rahbarining 21.08.2025 yildagi PQ-262-sonli qarori ijrosi bo'yicha bir qancha chora-tadbirlar amalga oshirildi, yillar davomida remonttalab akademiya ta'mirlandi, bolalar yotoqlari yangilandi, xodimlarning mehnat sharoitlari yaxshilandi, bir qator korrupsion holatlarning oldi olindi – bunday ijobiy chora-tadbirlar akademiyadagi muhitni hamda murabbiylar va ishchilarning mehnatga munosabatini tubdan o'zgartirdi. Akademiya jamoasi boshqacha ishlash mumkinligini tushundi, har bir xodimga e'tibor berilayotganini his qildi (mavridi kelganda aytish joiz, bu yutuqlarda klub vitse-prezidenti K.Hakimovning hissasi katta). Respublikamizda bunday faoliyat va shunday ko'rsatkichlar bilan yana nechta akademiya yoki futbol maktabi faxrlana oladi?
Rostini aytsam, men sodda, yuqori ko'rsatkichlarga erishdik, endi iliq so'zlar kutish mumkin deb xayol qildim. Ammo «eshitdik-da» toifasidagi yangiliklarga qaraganda, muvaffaqiyatli ishlab turgan akademiyadagi tizim o'zgarishi mumkin, ya'ni moliyaviy muammolar sababli klub akademiyani yana o'z qaramog'iga qaytarmoqchi emish. Aslida esa «Bunyodkor» futbol akademiyasi to'liq ma'noda mustaqil emas: klub va akademiyaning STIRi yagona, akademiya faqat sub-hisob raqamidan foydalanadi.
«Bunyodkor» futbol akademiyasining moliyaviy va boshqaruv jihatdan mustaqilligi oddiy formal qaror yoki «ajratish uchun ajratish» emas edi, balki korrupsiyaga qarshi chora va strategik rivojlanish uchun zarur qadami edi. Klub va akademiyani shartli ajratish akademiya faoliyatida shaffoflikni ta'minlash uchun amalga oshirilgan edi (ko'rsatkichlarni e'tiborga olsak, hayot bu qaror to'g'riligini ko'rsatdi).
Endi savollar berish mavridi keldi (savollarim «Bunyodkor» klubi va akademiya bilan chegaralanmaydi, aksincha hamma klublar va ular qoshidagi akademiyalar munosabati bilan bog'liq): Nima uchun klubning hozirgi muammosini akademiyaning mustaqilligi bilan bog'lash zarur? Kimga kerak bu mantiqsiz qadam? Asos bormi?
Umuman olganda, futbol akademiyasini klubdan ajratish masalasi ko'pincha noto'g'ri tushuniladi. Odatda, bu qarorni klub rahbarlari «nazoratni yo'qotish» deb qabul qiladi. Rahbarlarga bosim dastagini ushlab qolish muhimroqm yoki ular daromaddan quruq qolishmaslikka harakat qiladilarmi?
Aslida esa futbol akademiyasi uchun moliyaviy va boshqaruv mustaqilligi — bu oddiy tanlov emas, balki zarurat, ya'ni bolalar futbolini saqlab qolish, rivojlantirish va kelajakni ko'ra olish masalasidir.
Klub rahbarlari akademiya va klub – bir xil emasligini tushunib yetishlari kerak. Klub va akademiya bir nom ostida faoliyat yuritsa-da, ularning vazifalari mutlaqo boshqacha.
Klub bugungi kun bilan yashaydi. Hozirgi o'yin, ochko va futbolchilarning maoshi, muxlislar bosimi – bu masalalar klub rahbarini doim qisqa muddatli qarorlar qabul qilishga majbur qiladi. Bunday rahbarning ish davri – kunbay.
Akademiya faoliyati esa 5–10 yillik uzoq yo'l, bu yerda yosh bolalar o'sadi, shakllanadi va tarbiya oladi. Akademiyada selektsiya ham boshqacha ishlaydi. Akademiya rahbari ertangi natija bilan qoniqmaydi, uning ishi yillardan keyin ko'rinadi.
Lekin tajribadan ma'lum, qisqa muddatli mantiq uzoq muddatli rivojlanishni bosib ketadi. Inqirozga uchragan klubni va endi samarali qadam bosayotgan akademiyani birlashtirish qanchalik to'g'ri bilmayman. Qo'limdan hech nima kelmaydi, ammo shunday qarorni qabul qilishi mumkin bo'lgan kattakonlarga mantiqan fikrlashni taklif qilishim mumkin: tashqi tomondan hammasi oddiy, klub ham, akademiya ham bir brend ostida ishlaydilar, ammo amalda klub va akademiya butunlay boshqa-boshqa dunyoda yashaydilar.

Klub va akademiya o'rtasida moliyaviy bog'liqlik - bolalar uchun xavf. Klubda moliyaviy qiyinchilik paydo bo'lsa, birinchi bo'lib kim jabr ko'radi? Aksariyat hollarda – akademiya. Xodimlarning maoshlari kechikishi, yig'inlarning qisqarishi, ekipirovkaning yetishmasligi, tibbiy ta'minotga e'tibor susayishi – ko'p akademiyalar uchun tanish manzara, to'g'rimi. Klubning professional o'yinchilarini kontraktlar va reglament himoya qiladi. Bolalar va akademiya murabbiylarini-chi?! Akademiyani moliyaviy jihatdan klubdan ajratish — bu klubdan «qochish» emas, bolalarni va xodimlarni himoya qilishdir.
Ota-onalar nima uchun pul to'laydi?
Ota-onalar bolalarini futbolga yuborib, ta'lim va rivojlanish uchun to'lov qiladilar. Hozir bu to'lovlar klublarda 800 000 so'm. Shunga yarasha ota-onalar sifatli xizmatlarni talab qilishga haqli. Nega ular klub qarzlarini yopish yoki boshqa xarajatlarini qoplash uchun pul berishlari kerak? Klubning bosh buxgalteri akademiyaning hisob raqamiga “qo'l solmasligiga” kim kafil bo'la oladi?
Mustaqil akademiya degani: alohida hisob raqami, ochiq va tushunarli byudjet va ota-onalar oldida aniq hisobot berishdir. Klub bunga tayyormi?
Nega «Bunyodkor» futbol akademiyasi tizimi yaxshi ishlab kelmoqda, bilasizmi? Chunki akademiyada ishonch shakllandi, ishonch bor joyda tizim to'g'ri ishlaydi. Bunday akademiya o'zini o'zi bemalol ta'minlay oladi. Davlat va homiylar uchun akademiya faqat xarajat manbai bo'lib qolmasligi kerak. Pullik guruhlar, ijara to'lovlar, musobaqa badallari va boshqa loyihalar – bularning barchasi to'g'ri boshqaruv bilan qonuniy daromad manbaiga aylanadi.
Muhimi, barcha akademiyalarda va sport maktablarida hamma daromad yana bolalarga qaytishi kerak. Klub ichida esa har qanday daromad «umumiy qozon»da yo'qolib ketadi.

Yuzaki boshqaruvdan voz kechib, tizimli faoliyatga o'tish vaqti keldi. Mustaqil akademiyada, albatta, professional boshqaruv bo'lishi kerak: aniq KPI, aniq talab, aniq maqsad va aniq reja. «Xo'ja ko'rsinga» emas, balki «kelajak uchun» degan prinsip ishlashi kerak.
Taniqli futbol blogerlarimiz yo'lidan borib, men ham xorijiy tajribadan gapiray: chet eldagi mashhur futbol akademiyalarining ko'pchiligi alohida tuzilma sifatida ish olib boradi. Klublar ularning «egasi» emas, balki akademiya iqtidorli tarbiyalanuvchilarining iste'molchisidir. Bunday yondashuv allaqachon o'zini oqlagan va u brendni kuchaytiradi. Bizning klublar ham aynan shu yo'l bilan o'z maqomini tiklashi mumkin.
Sir emas, klublar o'z akademiyalarini homiylarga yuk sifatida tiqishtiradilar, juda qulay-da. Akademiyaning faoliyati uchun qo'shimcha “bir-ikki so'm” olish mumkin. Akademiyaga mustaqillik bergan klub sun'iy ravishda o'z byudjetiga pul kirita olmaydi. Akademiya tarbiyalanuvchilariga xarajat sifatida emas, kelajakka sarmoya deb e'tibor berish kerak. Har qanday akademiya o'zini o'zi ta'minlay olishi shart. O'zbekistonda futbol akademiyalari mustaqil bo'lmas ekan, «kelajak» degan so'z futbolda faqat shior bo'lib qolaveradi.
Sport sohasidagi ma'sullar samarali ishlab turgan tizimni birlashtirishdan (sindirishdan) avval yuqoridagi mulohazalarni tahlil qiladilar degan umiddaman.
Xulosa o'rnida savollar...
Agar klub qarzga botsa yoki moliyaviy inqirozga uchrasa, nega akademiya javob berishi kerak?
Omadsiz transfer zarar bo'lib chiqsa, akademiya qisqarishi shartmi?
Nega boshqaruv xatolari bahosini 10–12 yoshli bolalar to'lashi kerak?
Bolalar futbolini kattalar futbolining moliyaviy xatolari uchun qurbon qilishga kim tayyor?
Agar savollarga javoblar topilmasa, akademiyaning samarali ishlab turgan tizimini yo'q qilish mumkin...
Siz nima deysiz?
Shoxida Nurmatova