Toshkentning «Bunyodkor» klubi atrofidagi vaziyatni ko‘pchilik diqqat bilan kuzatayotgani tabiiy. Yil boshidan beri moliyaviy muammolarning jiddiylashib borayotgani fonida klub boshi berk ko‘chaga kirib qolayotgani va bu jarayon davom etayotganini ko‘rish albatta achinarli.
15-tur doirasida Navoiyda «Qizilqum»ga qarshi o‘tishi kerak bo‘lgan uchrashuv esa o‘tkazilmadi. «Bunyodkor» pul muammosi sababli safarni bekor qildi va texnik mag‘lubiyat yozildi. Kim o‘ylabdi deysiz, o‘z vaqtida mashhur va nomdor bo‘lgan jamoani bugun shu ahvolga tushishini.
Bunga sabablar ko‘p. Jamoa bosh homiysiz qolgan. To‘planib borayotgan qarzdorliklar esa jamoani «yemirayotganga» o‘xshaydi. Ayniqsa, Rivaldo oldidagi qarzdorlikdan hammani xabari bor. Braziliyalik sobiq futbolchi bilan hisob-kitob ishlaridagi faoliyat yo‘qolgan va shu sababli bu ham eng og‘riqli masalalardan biri. Lekin bu bilan cheklanib bo‘lmayapti. Moliya muammosi fonida klubni tark etayotganlar ko‘paymoqda va ular haqqini undirish uchun nima qiladi? Albatta, FIFAga yozishadi va yozishyapti ham.
«Bunyodkor» sharafini himoya qilgan yapon futbolchisi – Itsuki Urata yodingizdami? U aprel oyida aynan oylik maosh berilmayotgani fonida klubni tark etgandi. Urata hozir Xorvatiyada «Slaven Belupo» jamoasi sharafini himoya qilmoqda. Ushbu legioner «Bunyodkor»dagi haqqini undirish maqsadida FIFAga yozgan. Kuni kecha FIFA qaror chiqardi va unga ko‘ra «Bunyodkor» Urataga 328 500 AQSh dollari miqdorida pul to‘lashi shart. Bu summa foizlarsiz, foizlari bilan esa raqam yanada ko‘payadi. Yaponiyalik legioner bu yil hisobidan «qaldirg‘ochlar»dan maosh olmagan.
Deylik, 45 kun ichida belgilangan mablag‘ to‘lanmasa klubga nisbatan FIFA transfer taqiqi qo‘yadi. Bungacha esa Rivaldo va Denilsondan bo‘lgan qarzdorlik tufayli ikkita taqiq qo‘yilgan va agar Urataga ham to‘lanmasa bu uchinchi taqiqga aylanadi.
U 2024 yil yarmida jamoaga qo‘shilgan bo‘lib, o‘tgan vaqt davomida «Bunyodkor» libosida to‘p tepgan himoyachi 39 ta o‘yinda maydonga tushib, 2 ta gol urg‘an va 3 ta assistni bajargan.
FIFA hukm chiqardi: yaponiyalik futbolchi «Bunyodkor»dan 328 ming dollar talab qilmoqda
Futbol
22 avgust, 03:07
Yaponiyalik legioner bu yil hisobidan «qaldirg‘ochlar»dan maosh olmagan.
Фото: Бунёдкор ПФК
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi