Live
1
O'zbek

European Leagues FIFAga keskin talab qo‘ydi

Futbol
5 avgust, 11:41
Assotsiatsiya boshqaruv islohotisiz yangi turnirlarni qo‘llamaydi.
European Leagues FIFAga keskin talab qo‘ydi
European Leagues

Yevropa professional futbol ligalari assotsiatsiyasi (European Leagues) FIFA boshqaruv tizimida islohotlar o‘tkazilmaguncha tashkilotning mavjud musobaqalarni kengaytirish yoki yangi turnirlar tashkil etish bo‘yicha qarorlarini qo‘llab-quvvatlamasligini ma'lum qildi. Bu haqida assotsiatsiya rasmiy bayonot e'lon qildi.

European Leagues FIFA prezidenti Janni Infantinoning FIFA Forward Enterprise (FFE) kompaniyasini tashkil etish va Jahon chempionati bilan bog‘liq tijoriy huquqlarning bir qismini xususiy investorlarga taklif qilish rejasidan voz kechganini «yagona mantiqiy qaror» deb baholadi. Biroq assotsiatsiya mazkur tashabbusning o‘zi ham, uni muhokama qilish jarayoni ham FIFA boshqaruvida jiddiy muammolar mavjudligini namoyon etganini ta'kidladi.

Bayonotda qayd etilishicha, FFE loyihasi bekor qilingan kunning o‘zida FIFA milliy assotsiatsiyalarga 2030 yildagi Jahon chempionati ishtirokchilari sonini 64 tagacha oshirish imkoniyatini o‘rganish bo‘yicha taklif yuborgan.

European Leagues fikricha, bu masala uchun atigi to‘rt haftalik muhokama muddati belgilangan va ligalar, klublar hamda futbolchilar bilan maslahatlashilmagani qaror qabul qilish jarayonining shaffof emasligini ko‘rsatadi.

Assotsiatsiya FIFA bir tomonlama qarorlar qabul qilish amaliyotidan voz kechishi kerakligini ta'kidladi. Bayonotda, shuningdek, tashkilotda boshqaruv islohoti o‘tkazilib, futboldagi barcha manfaatdor tomonlarga qaror qabul qilish jarayonida rasmiy ishtirok etish imkoniyati yaratilishi talab qilingan. European Leagues bu muammolar tufayli 2024 yil oktyabr oyida FIFAning bir vaqtning o‘zida ham tartibga soluvchi organ, ham tijorat tashkiloti sifatida faoliyat yuritayotganini yuzasidan Yevropa komissiyasiga shikoyat kiritganini ham eslatib o‘tgan.

Bugungi yangiliklar