Portugaliya terma jamoasining sobiq sardori Luish Figu FIFA prezidenti Janni Infantinoni qattiq tanqid qilib, uning lavozimni tark etishi kerakligini bildirdi. Sobiq futbolchining fikricha, Jahon chempionati tijoriy huquqlarining bir qismini xususiy investorlarga sotish tashabbusi futbol manfaatlariga zid bo'lgan, deb yozmoqda Daily Mail nashri.
Figu nashrdagi o'z kolonkasida Infantinoning harakatlarini faqat shaxsiy manfaat va moliyaviy foyda bilan izohladi. Uning ta'kidlashicha, FIFA rahbari Jahon chempionati orqali o'zi va yaqin atrofidagilarni boyitishni ko'zlagan.
«Men FIFAdagi muammolar haqida o'n minglab so'z yozishim mumkin. Ammo yechim bitta — Infantino ketishi kerak. Futbolda 20 yil professional faoliyat yuritdim va ko'plab noxush insonlarni uchratdim. Biroq so'nggi o'n kun ichida ko'rganlarim eng pastkash, eng yolg'onchi va eng manfaatparast xatti-harakatlar bo'ldi», — deb yozdi Figu.
Portugalialik afsona, shuningdek, FIFA rahbariyati ushbu loyihani tashkilot a'zolari bilan oldindan muhokama qilmaganini tanqid qildi. Uning fikricha, agar tashabbus haqiqatan ham futbol uchun foydali bo'lganida, uning barcha jihatlari ochiq muhokama qilinishi kerak edi. Figu xususiy investitsiya jamg'armalari faqat yuqori daromadni ko'zlashini, bu esa kelajakda FIFAning eng qimmat aktivi bo'lgan Jahon chempionati ustidan nazoratni susaytirishini ta'kidladi.
Avvalroq Infantino FIFA musobaqalarining tijoriy huquqlarini boshqarish uchun yangi kompaniya tashkil etish va unga tashqi investorlarni jalb qilish rejasini ilgari surgan edi. Biroq UEFA, AFC, CONCACAF va CONMEBOLning keskin qarshiligidan keyin mazkur tashabbus bekor qilindi.
Ayni paytda Janni Infantino 2027 yil mart oyida Marokashda bo'lib o'tadigan FIFA prezidentligi saylovida yana nomzodini qo'yish niyatida.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi