Live
1
O'zbek

UEFA Infantinoni lavozimdan chetlatishni rejalashtirmayapti

Futbol
5 avgust, 10:10
Yevropadagi milliy futbol assotsiatsiyalari hozircha bunday tashabbus chiqmoqchi emas.
UEFA Infantinoni lavozimdan chetlatishni rejalashtirmayapti
Janni Infantino.

UEFA hozircha FIFA prezidenti Janni Infantinoni lavozimidan chetlatish bo'yicha hech qanday rasmiy jarayon boshlashni rejalashtirmayapti. Bu haqda Fransiyaning «Le Parisien» nashri o'z manbalariga tayanib yozmoqda.

Nashr ma'lumotiga ko'ra, UEFA doirasida o'tkazilgan so'nggi uchrashuvlarda Infantino ilgari surgan FIFAga xususiy investorlarni jalb qilish loyihasi muhokama qilingan. Biroq tanqidlar qarshisida, uni ishonchsizlik votumi orqali lavozimidan chetlatish masalasi kun tartibiga qo'yilmagan.

«Le Parisien»ning ta'kidlashicha, FIFA nizomining 25-moddasiga binoan, a'zo assotsiatsiyalarning kamida 20 foizi talab bildirilsa, navbatdan tashqari kongress chaqirish mumkin. Bunday yig'ilishda prezidentga nisbatan ishonchsizlik votumi tashabbusi ko'tarilishi mumkin. UEFA esa FIFAdagi ovozlarning 26 foiziga ega.

Shu bilan birga, nashrning yozishicha, Fransiya futbol federatsiyasi va UEFA tarkibidagi boshqa milliy assotsiatsiyalar hozircha bunday tashabbus bilan chiqish niyatida emas. Shu bois Infantinoning taqdiri ehtimoliy siyosiy jarayon emas, balki saylov orqali hal qilinishi kutilmoqda.

Avvalroq Janni Infantino Jahon chempionati tijoriy huquqlarining bir qismini xususiy investorlarga taklif qilish rejasi ortidan keskin tanqidlarga uchragan edi. UEFA, AFC, CONCACAF va CONMEBOL ushbu g'oyaga qarshi chiqqanidan keyin FIFA mazkur tashabbusdan voz kechgan.

FIFA prezidenti saylovi 2027 yil mart oyida Marokash poytaxti Rabot shahrida bo'lib o'tadi. Hozircha Infantino o'z nomzodini rasmiy qaytarib olmagan.

Bugungi yangiliklar