Eron futbol federatsiyasi 2026 yildagi jahon chempionatida milliy jamoa o‘yinlarini AQShdan Meksikaga ko‘chirish masalasida FIFA bilan muzokara olib bormoqda. Bu haqda AFP agentligi Eronning Meksikadagi elchixonasiga tayanib xabar berdi.
Elchixonaning X ijtimoiy tarmog‘ida e'lon qilingan bayonotda federatsiya rahbari Mehdi Toj shunday degan: «AQSh prezidenti Donald Tramp Eron milliy jamoasi xavfsizligini kafolatlay olmasligini ochiq aytganidan keyin, albatta, biz Amerikaga bormaymiz.
Hozirda FIFA bilan jahon chempionatida Eron milliy jamoasi o‘yinlarini Meksikada o‘tkazish bo‘yicha muzokara olib bormoqdamiz».
O‘tgan hafta Tramp Eron milliy jamoasi turnirga «o‘z hayoti va xavfsizligi uchun» bormasligi kerakligini ta'kidlagandi.
Ma'lumot o‘rnida, eronliklar mundialda G guruhidan joy olgan. Ushbu guruhda Belgiya, Misr va Yangi Zelandiya jamoalari ham bor. Jamoa Yangi Zelandiya va Belgiya bilan Los-Anjelesda, Misrga qarshi esa Sietlda maydonga tushishi kerak.
Agar jamoa turnirda ishtirok eta olmasa, FIFA uning o‘rniga boshqa jamoani qidirishga majbur bo‘ladi. Ehtimoliy nomzodlar sifatida Iroq va BAA milliy jamoalari ko‘rsatilmoqda.