«PSJ» bosh murabbiyi Luis Enrike parijliklar safidagi faoliyati, Parijga moslashishi va o‘zini haqiqiy parijlik deb hisoblashi haqida gapirib o‘tdi.
«Umid qilamanki, umrimning oxirigacha Parij bilan bog‘liq bo‘lib qolaman. Men shartnomamni uzaytirdim va endi «PSJ» bilan yana ko‘plab sovrinlarni qo‘lga kiritishga tayyor ekanimni isbotlash uchun o‘zimni yanada ko‘proq bosim ostida his qilyapman.
Odamlar menga jamoadan juda mamnun ekanini aytishayotgani uchungina xotirjamroq bo‘lib qolganim yo‘q.
Parijliklar ko‘pincha menga: «Siz hayotimizni o‘zgartirdingiz», deyishadi. Hayotda bundan ham muhimroq narsalar bor.
Murabbiy uchun o‘z mehnati odamlarga nimadir bera olganini anglash, ular va oilalari bilan shunday kuchli his-tuyg‘ularni baham ko‘rish juda qadrli.
O‘zimni haqiqiy parijlik deb hisoblaymanmi? Umid qilaman! Lekin fransuz tilimni hali ancha yaxshilashim kerak (kuladi).
Dastlabki yillarda bu tilda gapirishga harakat qilganimda, men uchun juda qiyin bo‘lgan. Ba’zan o‘zimni berk ko‘chaga kirib qolgandek his qilardim. Biroq rivojlanyapman va kun sayin o‘zimni tobora erkinroq his qilyapman.
Menimcha, Parij va Fransiya klubi uchun muhim bo‘lgan qadriyatlarni yetkazish hamda uning madaniyatini qo‘llab-quvvatlash muhim.
Men xorijlikman, ammo Parij bilan bog‘liq bo‘lib qolishni istayman va umrimning oxirigacha shu shahar bilan aloqam uzilmasligiga umid qilaman», — deya Enrikening so‘zlarini keltiradi Paris No Limit sahifasi.
Eslatib o‘tamiz, ispaniyalik mutaxassis 2023-yil yozidan buyon Parij jamoasini boshqarib kelmoqda. U boshchiligida «PSJ» ikki marta Chempionlar Ligasi (2024/2025 va 2025/2026-yilgi mavsumlar) hamda UEFA Superkubogida g‘olib chiqdi.
Shuningdek, jamoa uch marta Fransiya chempioni bo‘ldi (2023/2024, 2024/2025 va 2025/2026) va mamlakat Superkubogini qo‘lga kiritdi.
Bundan tashqari, «PSJ» ikki marta Fransiya kubogida (2023/2024 va 2024/2025) g‘olib chiqdi hamda 2025-yilda FIFA Qit’alararo kubogini qo‘lga kiritdi.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi