«Bashakshehir» hujumchisi Eldor Shomurodov Turkiya Superligasi 2025/26 yilgi mavsumining eng yaxshi to‘purari bo‘ldi.
O‘zbekistonlik futbolchi chempionatni 22 ta gol bilan yakunlab, musobaqa bombardiriga aylandi.
So‘nggi turda «Trabzonspor» hujumchisi Pol Onuachu raqib darvozasini ishg‘ol qila olmadi va Eldordan o’tib keta olmadi. Nigeriyalik futbolchi oxirgi besh uchrashuvda gol urolmadi.
Shomurodov esa mavsumning hal qiluvchi pallasida yorqin o‘yin namoyish etdi. Hujumchi so‘nggi olti uchrashuvda oltita gol muallifiga aylandi.
Shuningdek, Eldor penaltisiz urilgan gollar hamda «gol+pas» tizimi bo‘yicha ham chempionatning eng yaxshi natijasini qayd etdi.
Qayd etilishicha, Shomurodov Yevropa chempionatlarida to‘purar bo‘lgan ikkinchi o‘zbekistonlik futbolchiga aylandi.
Bungacha Maksim Shatskix 2000 va 2003 yillarda Ukraina chempionatining eng yaxshi bombardiri bo‘lgandi.
Eslatib o’tamiz, avvalroq O‘zbekiston milliy jamoasi sardori FC 26 talqiniga ko’ra mavsum ramziy jamoasidan ham joy olgan edi.
