Live
2
O'zbek

Dzola Italiya terma jamoasiga qaytdi

Futbol
5 avgust, 08:54
O'tmishdagi afsona yoshlar loyihalari uchun mas'ul lavozimga tayinlandi.
Dzola Italiya terma jamoasiga qaytdi
Janfranko Dzola

Italiya futboli afsonasi Janfranko Dzola mamlakat terma jamoasi tizimiga rasmiy qaytdi. U endi Italiya futbol federatsiyasi (FIGC) qoshida yoshlar futbolini rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni muvofiqlashtirish bilan shug'ullanadi.

FIGC prezidenti Jovanni Malagoning ma'lum qilishicha, Dzolaning nomzodi Roberto Manchini va Klaudio Ranieri bilan birgalikda muhokama qilingan va uning tajribasi hamda yosh futbolchilar bilan ishlash borasidagi faoliyati muhim omil bo'lgan. Federatsiya rahbari Dzolaning xarizmasi, professional tayyorgarligi va so'nggi yillarda «Lega Pro»da amalga oshirgan ishlari Italiya futbolining kelajagini barpo etishda katta ahamiyatga ega ekanini ta'kidladi.

Dzolaning terma jamoaga qaytishi haqidagi ilk ishoralar FIGC Federal kengashining so'nggi yig'ilishidayoq yangragan edi. O'shanda Malago terma jamoa shtabida yana bir muhim shaxs ish boshlashini aytgan va Dzolani asosiy nomzodlardan biri sifatida tilga olgan. Keyinchalik u sobiq hujumchining “C” seria yoshlar loyihasidagi faoliyati yuqori baholanganini yana bir bor qayd etdi.

Janfranko Dzola yangi vazifasi bilan bir qatorda «Lega Pro» vitse-prezidenti sifatidagi faoliyatini ham davom ettiradi. U yangi tayinlovdan mamnun ekanini bildirib, Italiya futbolining rivoji uchun bor kuchini safarbar qilishga tayyorligini aytdi.

«Prezident Malagoga menga ishonch bildirgani uchun minnatdorchilik bildiraman. Bu “Lega Pro”da klublar va federatsiya bilan birgalikda amalga oshirgan yoshlar loyihasining samarasiga berilgan bahodir. Endi Italiya futboli manfaati yo'lida, ayniqsa, yangi iste'dodlarni kashf etish va ularni rivojlantirish uchun astoydil mehnat qilaman», — dedi Dzola.

Bugungi yangiliklar