Rossiya Premer-ligasida hamyurtlarimiz yana bitta ko‘payganini bilasiz.
Yaqinda 23 yoshli chap qanot himoyachisi Mahmud Maxamadjonov «Andijon»dan «Dinamo» Maxachkala klubiga ko‘chib o‘tdi. Ushbu transfer amalga oshirilgach, Maxamadjonov yangi klubiga qo‘shildi va hatto debyut o‘yinini ham o‘tkazishga ulgurdi.
«Rodina»ga qarshi o‘tgan bahs Mahmud uchun unutilmas bo‘ldi. Boisi, u birinchi bo‘lim o‘rtalarida zaxiradan maydonga tushdi va jamoasi 2:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Mahmud esa «Dinamo» Maxachkala a’zosiga aylanganidan keyingi ilk eksklyuziv intervyusini Tribuna.uz saytiga berdi.
- Mahmudjon, Rossiya premyer-ligasidagi debyut o‘yiningiz va debyut g‘alabangiz bilan tabriklayman. Ilk o‘yindan keyin nimalarni ayta olasiz?
- Rahmat. Darhaqiqat, debyutimni yaxshi bo‘ldi, deb hisoblayman. Jamoam g‘alaba qozondi. To‘g‘ri, raqib uchrashuv boshida bir kishi kam bo‘lib qoldi va bu bizga yengillik berdi. Menga ham osonroq bo‘ldi, desam bo‘ladi. Lekin chempionat endi boshlandi. Bu yog‘iga qattiq mehnat qilib, yanada o‘z ustimda ishlab, jamoani asosiy futbolchisi bo‘lish uchun kurashaman va jamoamni katta marralarga erishishi uchun o‘z hissamni qo‘shmoqchiman.
- «Dinamo» Maxachkala varianti qachon va qanday bo‘lgandi?
- Ochig‘i, aniq bilmayman. Agentlarim menga bu haqida 1 oycha avval xabar berishdi va mendan rozilik so‘rashdi. Rozi bo‘lganimdan so‘ng ular «Andijon»ga xat yuborishdi, bilganim shu. Agentlarimni aytishi bo‘yicha ularni qiziqishi menga qishdagi o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarida ularga qarshi o‘yindan keyin paydo bo‘lgan.
- O‘sha o‘rtoqlik uchrashuvida maydon markazidan gol urgandingiz. Ushbu klubga qo‘shilgach, o‘sha golingizni esladinglarmi?
- Ha, uni deyarli har kuni eslashyapti. Har mashg‘ulotda o‘sha golni eslatib, xazillashb turishibdi.
- Ushbu klubga o‘tishingizga sizni birinchi navbatda nima undadi?
- Birinchi navbatda jamoa RPL ishtirokichisi va bu chempionat biznikiga qaraganda mavqei baland hamda u yerdan yanada yaxshiroq chempionatlarga o‘tish imkoni ko‘proq. Yana ko‘plab omillarni sanash mumkin, lekin aynan shu sifatlarini birinchi omil qilib keltirgan bo‘lardim.
- Yangi klub sizni rasman tanishtirgach va jamoaning a’zosiga aylangach, taassurotlar qanday bo‘ldi?
- Ilk taassurotlar juda yaxshi. Jamoada meni iliq kutib olishdi va menga nisbatan ishonch borligini his qilyapman.
- «Dinamo»da 23-raqamni oldingiz. Buni o‘zingiz tanladingizmi? Sababi nimada?
- Ha, 23-raqamni o‘zim tanladim, chunki bo‘sh raqamlar orasida yoqqani shu bo‘ldi. O‘ziga xos sababi yo‘q. 77-raqam bo‘sh emas ekan (kuladi).
- Bosh murabbiy Vadim Yevseyev bilan ilk suhbat qanday o‘tdi va u nimalar dedi?
- Vadim Valentinovich bilan ilk suhbatimiz uzoq bo‘lmadi. Mendan tayyorligimni so‘radi. Men «ha», deb javob berdim va «Andijon»dagi oxirgi uchrashuvim qachon bo‘lganligini so‘radilar.
- O‘zingizni har tomonlama legioner sifatida o‘ynashga tayyorman deb hisoblaysizmi?
- Albatta, men 23 yoshga to‘ldim va o‘zimni hozir yaxshiroq chempionatda sinab ko‘rmasam, balki bunday imkon boshqa bo‘lmas, deb o‘ylab qoldim. Chunki ochig‘i, O‘zbekiston chempionatida o‘ynab boshqa chempionatni kuchliroq jamoalariga o‘tish oson ish emas, deb hisoblayman va bunday imkoniyat paydo bo‘lganda maksimal foylanishim kerak, deb o‘yladim.
- Rossiya prem’yer-ligasida o‘ynab ketish oson emas. Kim bilan maslahat qildingiz va u yerda barqaror o‘ynash uchun nimaga e’tibor qaratishim kerak, deb o‘ylaysiz?
- Men RPL qiyin chempionatligini bilaman va bu qarorga o‘zim keldim, desa ham bo‘ladi. Albatta, yaqinlarim, oila-a’zolarimga bu haqda xabar berdim va ular meni qo‘llab-quvvatlashdi. Agar qiyin chempionat ekan, deb O‘zbekistonda yuraversam milliy jamoa haqida orzu kilmasa ham bo‘ladi. Shuning uchun nega endi qiyin chempionat ekan, deb qo‘rqishim kerak? Mening maqsadim milliy jamoani doimiy o‘yinchisiga aylanib, Yevropani yaxshi jamoalarida o‘ynash. Shu bois ikkilanmay bu qarorga keldim.
- «Andijon»da o‘tkazgan faoliyatingizdan nimalar xotirangizda qoldi?
- «Andijon»da 7 oy buldim va yaxshi xotiralar bilan ketdim. Avvalo, muxlislarga rahmat. Ular meni doim qo‘llashdi, maydonda ham va hatto maydon tashqarisi-yu, ijtimoiy tarmoqlarda ham. Buning uchun ularga rahmat aytaman. Bu jamoada o‘tkazgan har bir kunim, birga qo‘lga kiritgan g‘alabalarimiz va yaxshi xotiralarim qalbimda qoladi.
- Bu siz uchun oldinga tashlangan qadam. Keyingi rejangiz qanday?
- Rejalarimni ta’kidlab o‘tganimdek, Xudo xohlasa milliy jamoani doimiy o‘yinchisiga aylanish va Yevropa top chempionatlarida chiroyli faoliyat yuritish, biz maqsad qo‘yamiz, harakat qilamiz. Qolgani Allohdan. Albatta u xohlagini bo‘ladi.