Braziliya milliy jamoasi delegatsiyasi 2026 yilgi Jahon chempionatida ishtirok etish uchun AQSHga yetib kelgach, qat’iy xavfsizlik tekshiruvlaridan o‘tdi.
O Globo nashri xabariga ko‘ra, futbolchilar, murabbiylar shtabi va federatsiya vakillari Nyu-Jersi shtatiga kelganidan so‘ng maxsus nazorat jarayonida ishtirok etgan.
Tekshiruv davomida delegatsiya a’zolarining shaxsiy buyumlari va oyoq kiyimlari ko‘zdan kechirilgan, shuningdek, metall detektorlardan foydalanilgan.
Qayd etilishicha, ushbu jarayon aeroport ichida emas, balki samolyotlar turadigan hududda tashkil etilgan. Bu esa vaqtni tejash maqsadida amalga oshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston milliy jamoasi delegatsiyasi ham AQSHga yetib kelganida shunga o‘xshash xavfsizlik tekshiruvlaridan o‘tgan edi.
Ma’lumot uchun, 2026 yilgi Jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulga qadar AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi. Braziliya milliy jamoasi guruh bosqichida Marokash, Gaiti va Shotlandiyaga qarshi bahs olib boradi.