Qozog'iston chempionatida to'p tepayotgan legionerimiz Bektemir Abdumannov u yerda ham mahalliy muxlislarning olqishlariga sazovor bo'lib kelmoqda.
"Okjetpes" klubi sharafini himoya qilayotgan hamyurtimiz o'z jamoasida tobora etakchilardan biriga aylanib boryapti. Murabbiylarning ishonchini qozonayotgani e'tiborga molik. Bektemir Tribuna.uz'ga intervyu berdi.
- Bektemir, Qozog'istonda faoliyat olib borayotgan legioner sifatida ayting-chi, u yerda qanday yangiliklar bor? Futbol saviyasi qanday?
- Assalomu alaykum. Bizni futboldan sharoitlar bo'yicha biroz oldinda. Bu yerda futbol uchun hamma sharoitlar bor.
- Qozog'istonda tabiiy maydonlardan ko'ra, sun'iy maydonlar ko'p va chempionat o'yinlari ham ko'pincha sun'iy maydonlarda o'tadi. Bu sizga noqulaylik tug'dirmayaptimi?
- 16 ta jamoadan 11-12 ta jamoani stadioni sun'iy maydon. Chunki bu yerdagi ob-havo O'zbekistonga qaraganda sovuqroq. Shuning uchun sun'iy maydonda o'ynagan yaxshiroq. Noqulaylik tomoni yo'q. Sun'iy bo'lsa ham stadionlar ancha e'tiborga olingan.
- "Okjetpes" safida hozirgacha 3 ta gol urishga erishdingiz. Statistik natijalar sizni qiziqtiradimi? Umuman aytganda, yana nechta gol urmoqchisiz?
- Birinchi navbatda jamoaga yordam berish, keyin statistika o'zi bo'laveradi. Yil oxirigacha o'zimni har tomonlama ko'rsatib, jamoaga yordam berishni niyat qilganman.
- Jamoa chempionatda 3-o'rinni egallab turibdi. Asosiy vazifa qanday?
- Maqsad yuqori uchlikka kirish va Konferensiyalar ligasida ishtirok etish.
- Orada sizni yana O'zbekistonga qaytishi mumkin deb eshitgandim. Agar imkoniyati bo'lsa qaytasizmi?
- Agar yaxshi taklif bo'lsa qaytaman. Lekin hozir hech kimdan taklif yo'q. Shu bois hozirda shu yerda o'z o'yinimni ko'rsatishga harakat qilyapman.
- Bizda texnikaga ko'proq tayaniladi. Qozog'istonda kurash, jismoniy holat ustuvor. Sizda esa texnika yaxshi rivojlangan. Shu tomondan qiyinalmayapsizmi?
- Boshida ozgina qiyinchilik bo'ldi. Jismoniy futbol bo'lgani uchun moslashyapman. Qozog'iston klublarida ham o'ziga yarasha texnikali o'yinchilari bor. Jismoniy taraflama o'sishga erishsam o'zim uchun yana bir yutuq bo'ladi.
- Yaqinda Shahboz Umarov ham jamoadoshingizga aylandi. U kelgach, klubda o'zingizni yanada erkin his qilyapsizmi?
- Shahboz Umarovni kelganidan xursand bo'ldim. Endi bir jamoada birgalikda harakat qilamiz.
- O'zbekiston milliy jamoamizning mundialdagi ishtirokini qanday baholaysiz?
- Yaxshi o'yinlar bo'ldi. Biz jahon chempionatida birinchi marta qatnashdik. Futbolimiz ancha o'sib bormoqda. Natija yomon bo'lgani bilan bizga tajriba bo'ldi.
- Qozog'larda hamma maqtayotgan Dastan Satpayevga qarshi o'ynadingizmi? U yerda uni Abduqodir Xusanov bilan solishtirishadi...
- Yo'q, chunki "Qayrat" jamoasi bilan 3 kun oldin o'ynadik. U "Chelsi" jamoasiga ketdi. Shu bois unga qarshi o'ynash nasib qilmadi. Ammo yaxshi futbolchi, o'yinlarini kuzatdim. Yoshiga nisbatan ancha baquvvat futbolchi.
Bektemir Abdumannov: "Agar yaxshi taklif bo'lsa O'zbekiston Superligasiga qaytaman"
Futbol
3 iyul, 02:23
Bektemir Tribuna.uz'ga intervyu berdi.
Фото: Оқжетпес