«Barselona» yosh hujumchi izlashni faollashtirdi. Kataloniyaliklar e’tiborini Italiyaning «Montsa» klubi hujumchisi Gustavo Varela tortgan. Bu haqda Sky Sport Italia xabar bermoqda.
21 yoshli portugaliyalik futbolchi A Seriyada ajoyib mavsum o‘tkazmoqda. Uning hisobida Italiya chempionatidagi 11 ta bahsda 11 ta gol bor. Barcha musobaqalarda esa 12 ta o‘yinda 13 marta raqib darvozasini ishg‘ol qilgan.
«Barselona» skautlari «Montsa»ning «Fiorentina»ga qarshi bahsini bevosita stadiondan kuzatgan. Ushbu bellashuvda Varela dubl qayd etgan, gollardan birini esa tovon bilan urgan. A Seriyada portugaliyalik hujumchidan ko‘proq gol urgan yagona futbolchi — Doniell Malen.
Varelaning xizmatlariga boshqa grand klublar ham qiziqish bildirmoqda. «Barselona»dan tashqari «Inter», «Napoli», «Yuventus» va Londonning «Arsenal» klublari ham uning nomzodini ko‘rib chiqmoqda. Futbolchining agenti kelasi hafta «Montsa» rahbariyati bilan mijozining kelajagini muhokama qilish uchun uchrashadi.
Ma’lumot uchun, A Bola nashriga ko‘ra, Varelaning transfer narxi 25–30 mln yevrodan boshlanishi mumkin. «Montsa» portugaliyalik futbolchini o‘tgan yozda «Benfika»dan 2 mln yevroga sotib olgan va keyingi transferdan tushadigan mablag‘ning 20 foizini lissabonliklarga berish shartini saqlab qolgan.